O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hotamjon Ketmonovning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi
2015-02-19 | Siyosat
Mamlakatimizda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayoni qizg'in bormoqda. Xalq demokratik partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov 18-fevral kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasining raisi J.Inog'omov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili H.Boboxonov yig'ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod H.Ketmonov o'z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so'zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida ijtimoiy qo'llab-quvvatlash tizimini aholi o'rtasida boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratish, kishilarning tashabbuskorligini rag'batlantirish, tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash hamda nafaqalar va moddiy yordam asosan kam ta'minlangan oilalar, qariyalar va bolalar uchun berilishini ta'minlash, o'z biznesini tashkil etish va turmush farovonligini mustaqil ta'minlashga intiluvchi mehnatga layoqatli fuqarolarga imtiyozli kreditlar va maqsadli foizsiz ssudalarni ajratishni yanada rivojlantirishni ta'minlash kabi qator ustuvor vazifalar belgilangan.
Uchrashuvda Shayhontohur tumanidagi 44-oilaviy poliklinika bosh shifokori M.Rahmatullayeva, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslari direktori S.Boboqulov va boshqalar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko'ppartiyaviylik asosida o'tayotgani mamlakatimizda demokratiya tamoyillariga amal qilinayotgani, milliy saylov tizimimiz xalqaro normalarga to'la mos kelishidan dalolat ekanini ta'kidlab, 29-mart kuni bo'ladigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.