O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Akmal Saidovning Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
2015-02-19 | Siyosat
O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda. 18-fevral kuni Andijon shahrida bo'lib o'tgan shunday tadbirda O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov saylovchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 2-Andijon okrug saylov komissiyasining raisi O.Mirzayev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili K.Otaxonov yig'ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda Prezidentlikka nomzod Akmal Saidov o'z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so'zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida O'zbekistonning ko'p asrlik tarixi va nodir madaniy-tarixiy merosini targ'ib qilish uchun turizm industriyasini rivojlantirish va yurtimizni jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish, aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirish, bunda rivojlanishning ustuvor sohasi sifatida uy-joy qurilishi va infratuzilma hamda yosh oilalarni qo'llab-quvvatlash, O'zbekiston madaniy yodgorliklari, shaharlarining milliy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e'tibor berilgan.
Uchrashuvda viloyat pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti kafedra mudiri M.Oxunov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi xususida o'z fikr-mulohazalarini bildirib, saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.