O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda limon va yong‘oq plantatsiyalari barpo etiladi
2017-01-31 | Iqtisodiyot
Toshkent davlat agrar universitetida «O‘zbekistonda resurstejamkor, ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llab limon, yong‘oq va yong‘oq mevali o‘simliklar ko‘chatlarini yetishtirish, plantatsiyalar barpo qilish: muammolar va yechimlar» mavzuida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda jahonda limon, yong‘oq va yong‘oq mevalar iste’moliga talab oshganligi, ularning hosildorligini oshirish borasida Toshkent davlat agrar universiteti olimlari keng qamrovli ilmiy-tadqiqot olib borayotgani qayd etildi. Ushbu yo‘nalishda universitet olimlari O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi, Respublika manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi, akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti kabi muassasalar bilan hamkorlik qilmoqda.
Mamlakatimizda bodomzorlar barpo qilish va parvarishlash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilib, ularning natijalari amaliyotga joriy etilmoqda. Xandon pistaning mahalliy nav va shakllari plantatsiya sharoitida o‘sish va rivojlanishi, mevaning sifat ko‘rsatkichlari va hosildorligi seleksion baholanib, lalmi hududlarda plantatsiyalar barpo etish choralari ko‘rilmoqda. O‘simlikshunoslik kafedrasi professor-o‘qituvchilari tuproq-iqlim sharoitiga ko‘ra ilk bor yeryong‘oq ekinidan yuqori va sifatli hosil yetishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirmoqda.
– Ilmiy jamoamiz ko‘p yillardan buyon limonchilik sohasida izlanishlar olib borayotir, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti rektori B.Sulaymonov. – Izlanishlarimiz mamlakatimiz iqlim sharoitiga mos bo‘lgan navlarni yaratish, agrotexnologiyalarni takomillashtirishga qaratilgan. Limon, yong‘oq va yong‘oq mevalilarning zararkunanda va kasalliklarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida ekologik bezarar biologik kurash usullari takomillashtirilmoqda.
Seminarda kelgusida limon, yong‘oq, pista yetishtirishning resurstejamkor texnologiyalarini rivojlantirish, keng plantatsiyalar barpo etish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash choralarini yanada kengaytirish borasida kelishib olindi. Tadbir doirasida fermer xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqa egalari yetishtirgan mahsulotlarning ko‘rgazmasi tashkil etildi.