O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavallud sanasi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab turli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda

2017-01-31 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xalqimiz mustaqilligimiz va taraqqiyotimiz asoschisi sifatida biladi va yuksak qadrlaydi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori xalqimiz istagini ifodalagan, qalb to‘ridan joy olgan muhim hujjat bo‘ldi. 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Buyuk Yo‘lboshchimiz tavallud topgan kun munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda shular haqida so‘z bordi. “Yodi hamisha yodda” deb nomlangan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, olimlar, professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi. 

Universitet rektori A.Marahimov, akademik M.Salohiddinov, adabiyotshunos Sh.Rizayev va boshqalar xalqimizning tinch va farovon hayoti, mamlakatimizning barqaror iqtisodiy ravnaqi uchun borlig‘ini, umrini bag‘ishlagan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning beqiyos xizmatlarini yoshlar ongu qalbiga singdirish katta tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. 

Birinchi Prezidentimiz mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi sifatida dunyoda “o‘zbek modeli” deb tan olingan rivojlanish yo‘lini ishlab chiqqan. 

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida tashkil etilgan tadbirda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Karimov, universitet rektori F.Rizayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, Olmazor tumani hokimi B.G‘oyibnazarov va boshqalar Islom Karimov o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida yorqin iz qoldirganini ta’kidladi. 

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq ta’lim dargohimizga mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi berilishi jamoamiz uchun tarixiy voqea bo‘ldi, – deydi universitet prorektori A.Alimov. – Bu universitetimiz jamoasiga cheksiz quvonch, faxr-iftixor bag‘ishlaydi, ayni chog‘da katta mas’uliyat yuklaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida “Islom Karimov – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining asoschisi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbirda xalqimiz atoqli farzandining davlat va siyosat arbobi sifatidagi keng qamrovli faoliyati yana bir bor e’tirof etildi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari S.Sayyid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Q.Karimbekov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Buyuk Yurtboshimiz xotirasining abadiylashtirilayotgani butun xalqimizning dilidagi ezgu istak ekanini ta’kidladi. 

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Mustaqilligimiz fidoyisi” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda istiqlol yillarida mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni asrab-avaylash, mustaqilligimizni mustahkamlashdek buyuk ishlar Islom Karimov nomi bilan chambarchas bog‘liq ekani ta’kidlandi. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar huquq va manfaatlarini ta’minlashning huquqiy, tashkiliy asoslari yaratilgani, ularning iste’dodini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashning mustahkam mexanizmi shakllantirilgani haqida yoshlarga so‘zlab berildi. 

– Ertamiz egalarining jamiyatda mustahkam o‘rin egallashi, sifatli ta’lim-tarbiya olishi, ish o‘rinlari, munosib turar joylarga ega bo‘lishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diev. – Islom Karimovdek xalqparvar, bolajon, yoshlarni “Mening farzandlarim!” deb bag‘riga bosib, cheksiz mehr-muhabbatini namoyon etgan rahbar kam bo‘lsa kerak. U kishining nomi xalqi, yurti manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yib, mehnat qilgan buyuk davlat arbobi, dono siyosatchi, tom ma’nodagi vatanparvar inson sifatida asrlar osha yashayveradi. 

– Birinchi Prezidentimiz boshlagan ulug‘ yo‘l bizni bundanda yuksak marralarga yetaklaydi, – deydi Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabasi Akmal Turg‘unov. – Zero, “Sizlar uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun butun borlig‘imni bag‘ishlashga ham tayyorman. Marrani doimo baland qo‘yib yashang, aziz bolalarim, davr bizniki, marra bizniki!” degan so‘zlari hamisha qalbimizda jaranglab turadi. Biz Islom Karimovning otalarcha mehri va g‘amxo‘rligini hech qachon unutmaymiz! 

Toshkent kimyo-texnologiya institutida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbir «Kelajagi buyuk yurtning Birinchi Prezidenti – Siz doimo qalbimizdasiz!» deb nomlandi. 

Institut rektori S.Turobjonov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari N.Yo‘ldosheva va boshqalar Birinchi Prezidentimiz yosh avlodga muntazam g‘amxo‘rlik ko‘rsatganini ta’kidladi. 

Qibray tumanidagi “Do‘rmon” madaniyat saroyida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda yoshlarga Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida shaharu qishloqlarimizda ro‘y bergan olamshumul o‘zgarishlar, yurtdoshlarimiz kayfiyati, bugungi hayotdan mamnunligi hamda mustaqillikkacha bo‘lgan davrdagi og‘ir kunlar haqida so‘zlab berildi. 

Farg‘ona davlat universitetida Islom Karimovning hayoti va faoliyati, boy ma’naviy merosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy anjumanda mard va dono siyosatchi Birinchi Prezidentimiz bilan bog‘liq O‘zbekistonning istiqlol yillarida erishgan ulkan yutuq va natijalari, barcha sohalarda olib borilgan islohotlar samaralari haqida so‘z bordi. U kishining fidoyilik, vatanparvarlik, adolatparvarlik, samimiylik, mehribonlik kabi olijanob fazilatlari barchamiz uchun yorqin ibrat namunasi ekani ta’kidlandi. 

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq Farg‘ona shahridagi San’at saroyiga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi berilganidan cheksiz faxrlanamiz, – deydi filologiya fanlari doktori Siddiqjon Mo‘minov. – U inson bilan bir zamonda yashab, hamnafas bo‘ldik. U kishining dono siyosati va buyuk davlat arbobi sifatidagi faoliyatini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Farg‘onada olib borgan beqiyos bunyodkorlik ishlarini farzandlarimiz uchun hamisha ibrat qilib ko‘rsatishdan charchamaymiz. 

Andijon bank kollejida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi hamda viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbir “Buyuk Yo‘lboshchiga hamisha ta’zimdamiz” deb nomlandi. 

– Birinchi Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilgan ko‘plab xayrli va ezgu ishlar haqida yanada keng ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi kollej o‘quvchisi Dildora Abduxalilova. – Ulug‘ Yo‘lboshchimiz tashabbusi va rahnamoligida Asaka shahrida zavod ochilib, mamlakatimizda avtomobilsozlik sanoatiga asos solingan. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar jahonning ko‘plab davlatiga eksport qilinmoqda, O‘zbekiston nomini dunyoga doston qilmoqda. Davlatimiz rahbarining qaroriga binoan ushbu zavodga Islom Karimov nomi berilishi nafaqat zavod jamoasini, balki butun Andijon ahlini g‘oyat quvontirdi. Xalqimizga ozod va obod Vatan qoldirgan, taraqqiyot eshiklarini ochib bergan Birinchi Prezidentimiz xotirasini hech qachon unutmaymiz. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludi sanasi – 30-yanvar kuni munosabati bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab turli tadbirlar davom etmoqda. 

Поделиться