O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Koreya Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Xvan Gyo An Janobi Oliylariga

2017-01-30 | Siyosat

Janobiy Oliylari! 

Mamlakatlarimiz hamkorligi tarixidagi muhim sana – O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqi nomidan Sizni va butun Janubiy Koreya xalqini samimiy tabriklash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. 

Bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ming yillik tarixga ega ekani va xalqlarimiz o‘sha davrlardayoq Buyuk ipak yo‘li orqali diplomatik, savdo va madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yganini yuksak qadrlaymiz. 

Ayni paytda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, hurmat va hamjihatlik an’analariga asoslangan aloqalar har ikki tomonning siyosiy xohish-irodasi tufayli mustahkam va o‘zaro manfaatli xususiyat kasb etdi. 

Katta iqtisodiy, intellektual va industrial-texnik salohiyatga ega, jahon iqtisodiyoti va siyosatida muhim o‘rin tutayotgan Koreya Respublikasi O‘zbekison Respublikasi davlat mustaqilligiga erishgandan so‘ng o‘tgan vaqt mobaynida mamlakatimiz uchun ishonchli va uzoq muddatli sheriklardan biriga aylandi. 

So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz hamkorlikning muhim asoslarini yanada mustahkamlash, oliy darajadagi ochiq va ishonchli siyosiy muloqotlarni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar doirasida keng hamkorlik qilish va bir-birini qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli yutuqlarga erishganini mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim. 

O‘zbekiston Koreya Respublikasining tinchlikparvar va har tomonlama puxta o‘ylangan tashqi siyosatini, Koreya yarim orolida tinchlik, xavfsizlikni ta’minlash, uni yadro qurolidan xoli hududga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlarini izchil qo‘llab-quvvatlaydi. 

Sizning 2016-yil may oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelib, Surg‘il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasini foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etganingizni mamnuniyat bilan eslayman. Ushbu majmuani biz samarali hamkorligimizning yorqin ramzi va keyingi bundanda yirik va muhim loyihalar uchun andoza sifatida qabul qilamiz. 

Yaqinda telefon orqali muloqotimiz chog‘ida Koreya Respublikasi hukumati va ishbilarmon doiralari O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya munosabatlarini turli yo‘nalishlar bo‘yicha yanada kengaytirish, ikki tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlash borasida yangi imkoniyatlarni ishga solishga tayyor ekaniga yana bir bor amin bo‘lganimni alohida ta’kidlamoqchiman. 

Sizni yana bir bor ishontirib aytamanki, shaxsan men va O‘zbekiston hukumati Koreya Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni yanada mustahkamlashning qat’iy tarafdoriman. 25-yil davomida aynan mana shu sohalarda hamkorligimiz muttasil rivojlandi. Energetika, kimyo, to‘qimachilik, avtomobil sanoati, infratuzilma, transport, "elektron hukumat" va telekommunikatsiyalar sohasida hamkorlikda hayotga tatbiq etilgan keng ko‘lamli yuqori texnologik investitsiya loyihalari buning yorqin tasdig‘idir. 

2016-yil Seulda o‘tkazilgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘mita majlisi va ikki davlat moliya vazirlarining uchrashuvi qator istiqbolli sohalarda o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish imkonini berdi. 

Madaniy-gumanitar aloqalar ham jadal rivojlanib, xalqlarimiz o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida diqqatga sazovordir. Joriy yilda saxovatli O‘zbekiston zaminida yashayotganining 80-yilligini nishonlaydigan koreys diasporasi mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtirishda alohida o‘rin tutadi. 

O‘zbekiston bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, keng ko‘lamli ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash maqsadida ishonchli va amaliy muloqot hamda hamkorlik bardavom bo‘lishiga ishonaman. 

Fursatdan foydalanib, Siz, Xvan Gyo An Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik, ulkan muvaffaqiyat, Koreya Respublikasi xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman. 

Samimiy ehtirom bilan, 

 
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Поделиться