O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhim vazifalar belgilab olindi
2017-01-27 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi va Fermerlar kengashi hamkorligida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Qishloq va suv xo‘jaligi, Iqtisodiyot, Moliya vazirliklari, Markaziy bank, Fermerlar kengashi vakillari va hududiy kengashlar raislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Fermerlari kengashi raisi S.Turdiyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, fermerlik harakatini rivojlantirish va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Mustaqillik yillarida fermerlikni rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy va moliyaviy mustaqilligi uchun huquqiy asoslar va kafolatlarni yaratib beruvchi qonunlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda fermerlik harakati qishloq xo‘jalik mahsulotlarining asosiy ishlab chiqaruvchisiga hamda aholining turmush darajasi va sifatini oshirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan qudratli ijtimoiy-siyosiy kuchga aylandi.
Mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida agrar sohadagi holat, xato va kamchiliklarni davlatimiz rahbari tanqid qildi. «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan qishloq xo‘jaligiga fosforli o‘g‘itlarni to‘liq yetkazib bermaslik holati, ularning tanqisligi, oxirgi o‘n yilda mineral o‘g‘itlarning narxi bir necha barobar o‘sganligi ta’kidlandi.
Fermer xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha nomzodlar tanlashda xatolarga yo‘l qo‘yilayotganligi va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Ayrim fermer xo‘jaliklari yetarlicha aylanma mablag‘lar, zarur texnika va boshqa moddiy-texnik resurslarga ega emasligi, bu qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligiga, shartnoma majburiyatlari bajarilishiga va fermer xo‘jaliklarining rentabelligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Davra suhbatida davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish, fermerlik harakatini izchil rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA