O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot xizmatlari va milliy veb-saytlarning o‘zaro hamkorligi muhokama qilindi
2017-01-27 | Texnologiyalar
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari va global internet tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan milliy veb-resurslar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini kuchaytirish" mavzuida tadbir tashkil etildi.
Turli vazirlik va idoralarning axborot xizmatlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari hamda yurtimizda faoliyat yuritayotgan milliy veb-portallar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari, sohaga oid yangiliklar, mavjud dolzarb masalalar muhokama etildi.
O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A.Abdullayev va boshqalar mamlakatimizda barcha turdagi media tuzilmalar singari internet nashrlarni ravnaq toptirish masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda mamlakatimiz internet tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan veb-saytlarning aksariyati axborotni shakllantirish va tarqatish xarakteridagi media tuzilmalardir. "Uz" domenida 30 mingga yaqin veb-sayt bo‘lib, ularning 395 tasi internet ommaviy axborot vositasi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Butunjahon global tarmog‘idan foydalanuvchilar soni yil sayin ortib borayotgan bir paytda veb-saytlar faoliyatini davr ruhiga hamohang takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasining "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi qonuni normalarining amaliyotga tatbiq etilayotgani aholi, media tuzilmalar, jamoat tashkilotlarining davlat organlari axborot manbalaridan keng foydalanishi imkonini yaratdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish, fuqarolarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishni talab etmoqda.
Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan axborot xizmatlari ishini takomillashtirish, ulardagi xodimlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish yuzasidan turkum o‘quv-seminarlar, davra suhbatlari muntazam o‘tkazilmoqda. Jamoat fondi muassisligida tashkil etilgan "telegraf.uz" axborot-tahliliy portalida mamlakatimiz hayotiga oid tahliliy maqolalar joylashtirilmoqda. Mazkur portal yordamida jamoatchilik, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari matbuot xizmatlari bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun "Ochiq muloqot" rukni tashkil etilgan.
Tadbirda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari salohiyatini yanada yuksaltirish, bunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internetning keng imkoniyatlaridan unumli foydalanish yuzasidan takliflar bildirildi.