O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe Janobi Oliylariga
2017-01-27 | Siyosat
Janobi Oliylari!
Mamlakatlarimiz hamkorligi tarixidagi muhim sana – O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Sizni va butun Yaponiya xalqini samimiy tabriklayman.
O‘tgan yillarda mamlakatlarimiz ikki va ko‘p tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda salmoqli yutuqlarga erishganini katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.
O‘zbekiston Yaponiya bilan samimiy do‘stlik aloqalarini, strategik sheriklik va hamkorlikni yuksak qadrlaydi.
Sizning 2015-yil oktabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifingiz O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlari tarixida muhim voqea bo‘ldi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy, texnologik, ilmiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarimizni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
25-yillik hamkorligimiz davomida munosabatlarimizning mustahkam huquqiy bazasi yaratildi. Bu borada 2002-yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasida do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot muhim o‘rin tutadi. Sizning O‘zbekistonga tashrifingiz davomida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot o‘zaro munosabatlarimizni yangi bosqichga ko‘tardi, mamlakatlarimiz o‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanini namoyon etdi.
Tomonlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ko‘plab dolzarb muammolarga nisbatan o‘xshash qarashlar va yondashuvlarga ega.
O‘zbekiston o‘tgan yillarda hamkorlikning samarali mexanizmlari yaratilganidan mamnun.
Parlamentlararo forum, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishlari, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar, "Markaziy Osiyo + Yaponiya" muloqoti, Akademik forum va boshqa ko‘plab hamkorlik institutlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning izchil va bosqichma-bosqich rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Bugun O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida Yaponiya bizning eng muhim va ustuvor sheriklarimizdan biridir.
Yaponiyalik hamkorlarimizdan ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdormiz, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va samarali hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Madaniyat va ilm-fan sohalaridagi aloqalar biz uchun alohida ahamiyatga ega. Ayniqsa, 2016-yil avgust oyida rafiqangiz Akie Abe xonim boshchiligida Yaponiya ijtimoiy-siyosiy va madaniyat namoyandalaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi bu boradagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Ta’lim sohasida hamkorligimiz yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida qayd etishni istardim. Yaponiya tomonidan bu borada ko‘rsatilayotgan ko‘makni yuksak qadrlaymiz hamda O‘zbekiston – Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining to‘liq faoliyat ko‘rsatishi yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasida birgalikdagi harakatlarimizga qo‘shimcha sur’at baxsh etishiga umid bog‘laymiz.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Yaponiya bilan hamkorlikni izchil rivojlantirish va kengaytirishning tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlamoqchiman. Biz strategik sheriklik munosabatlarimizni sifat jihatdan mustahkamlash va yangi amaliy mazmun bilan boyitishga intilamiz.
Mamlakatlarimizning mushtarak qadriyatlari va uzoq muddatli manfaatlari asosida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik aloqalari bundan buyon ham xalqlarimizning farovonligi yo‘lida rivojlanib borishiga ishonaman.
Ushbu qulay imkoniyatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik, Yaponiya xalqiga yanada yuksalish va farovonlik tilayman.
Samimiy ehtirom bilan,