O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – ko‘p millatli ahil mamlakat
2017-01-24 | Jamiyat
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 24-yanvar kuni Respublika baynalmilal madaniyat markazining 25-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari, parlament va hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari taklif etildi.
Tadbir ishtirokchilari avval Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Bayram tadbiri ochiq deb e’lon qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni milliy madaniy markazlarning bir guruh faollari bilan uchrashdi. Uchrashuv qatnashchilari va ular timsolida ko‘p millatli butun O‘zbekiston xalqini Respublika baynalmilal madaniyat markazining 25-yilligi bilan samimiy tabrikladi. Davlatimiz rahbari milliy madaniy markazlar faollaridan bir guruhiga Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirdi.
Tantanali marosimda ana shu tadbir tafsilotlari namoyish qilindi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 13-yanvardagi qaroriga binoan mamlakatimizda Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etildi.
1992-yili O‘zbekistonda turli millat va elatlarning 10 milliy madaniy markazi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ular 137 taga yetdi.
– O‘zbekistonda tug‘ildim, shu yerda ta’lim-tarbiya oldim, oilali bo‘ldim, shu buyuk va muqaddas Vatan farzandi ekanimdan faxrlanaman, – dedi Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori, senator, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Agrippina Shin. – Mamlakatimizda milliy madaniy rang-baranglik hayotimizning ajralmas qismiga aylangani barqarorlikni ta’minlashda, jamiyatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonning millatlararo munosabatlarni mustahkamlash borasidagi katta tajribasi butun dunyoda keng e’tirof etilmoqda, ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.