O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Millatlararo do‘stlik va hamjihatlik – xalqimiz tinchligi va farovonligining muhim omilidir

2017-01-24 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 25-yilligiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqi

Qadrli do‘stlar! 

Sizlarni va sizlarning timsolingizda ko‘p millatli butun O‘zbekiston xalqini qutlug‘ sana – Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 25-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. 

Ma’lumki, bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi. 

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlandi. Bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni shu asosda, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash O‘zbekistonda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Bularning barchasi hayotda o‘zining to‘liq ifodasini topdi. 

Yurtimizda hukm surayotgan do‘stlik va birdamlik muhiti – tinchlik va barqarorlik, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishning eng muhim omilidir. Biz barchamiz mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ana shu tom ma’nodagi bebaho boyligimizni asrab-avaylash va mustahkamlash borasidagi xizmatlarini yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz. 

Bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Ular umumiy uyimiz – O‘zbekistonimiz ravnaqi yo‘lida birlashib, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilmoqda, rivojlangan bozor iqtisodiyoti va kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurishga munosib hissa qo‘shmoqda. 

Bizning Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan. Ularga o‘z milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini saqlash hamda har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda. Davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish 7 tilda olib borilmoqda. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z ko‘rsatuvlarini 12 tilda namoyish etmoqda, o‘ndan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda. 

Mamlakatimizda etnik o‘ziga xoslikni rivojlantirish va millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirishda 137 ta milliy madaniy markaz yetakchi rol o‘ynamoqda. Ular o‘zlarining o‘ziga xos madaniyati, tili, xalq hunarmandligini rivojlantirib, turli madaniyatlarning bir-birini o‘zaro boyitishiga, har birimizda ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. 

Respublika baynalmilal madaniyat markazi ularning faoliyatini muvofiqlashtirib, amaliy va uslubiy yordam berayotgani alohida diqqatga sazovordir. 

Markaz mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan yorqin tadbirlari asosida madaniy va ijtimoiy hayotimizni yanada teran ma’no-mazmun bilan boyitmoqda, O‘zbekistonda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va bag‘rikenglik munosabatlarini mustahkamlamoqda. MDH davlatlari o‘rtasida faqat O‘zbekistonda shunday tuzilma tashkil etilgani e’tiborga loyiqdir. 

Bularning barchasi mamlakatimizda millatlararo munosabatlar sohasida nodavlat tashkilotlarning noyob tizimi shakllanganidan dalolat beradi. Ushbu tashkilotlarning serqirra faoliyati mamlakatimizda tinch va farovon hayotni ta’minlash, muhim madaniy-ma’rifiy vazifalarni hal etish, shuningdek, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. 

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari! 

Barchangizga ma’lumki, hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida millatlararo va dinlararo keskinlik kuchayib bormoqda, millatchilik, diniy murosasizlik bosh ko‘tarmoqda. Bu illatlar davlatni yemirib, jamiyatni parchalab, radikal guruh va oqimlar uchun mafkura bazasiga aylanmoqda. 

Ana shunday murakkab vaziyatda mamlakatimizda turli millat va dinga mansub insonlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash biz uchun borgan sari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hech shubhasiz, bu bizning zaminimizda tinchlik va osoyishtalikning mustahkam kafolati, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirishning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Shu munosabat bilan Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Mahalla», «Nuroniy» jamg‘armalari, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa ko‘plab tashkilotlar, o‘ylaymanki, madaniyat va ma’rifat, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash sohasidagi ishlarni yanada kuchaytirishi zarur. Bu bugun bizning barchamiz uchun hayotiy muhim vazifadir. 

Yanada ogoh va sergak bo‘lish, eng asosiy boyligimiz bo‘lgan va biz haqli ravishda faxrlanadigan ko‘p millatli xalqimizning birdamligi va jipsligini ko‘z qorachig‘idek asrash hamda yanada mustahkamlash O‘zbekistonni o‘z Vatani, deb biladigan har bir insonning muqaddas burchidir. 

Biz faqat shu yo‘l bilan bugungi kunning barcha tahdid va xavf-xatarlariga samarali qarshi turishimiz, jamiyatimizda turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi qat’iy immunitet yaratishimiz, o‘zimiz tanlagan demokratik taraqqiyot yo‘lida yanada salmoqli natijalarga erishishimiz mumkin. 

Biz o‘zimiz uchun eng muhim bo‘lgan ana shu masalaga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz, jumladan, milliy madaniy markazlar faoliyatini amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur barcha ishlarni bajaramiz. 

Masalan, yaqinda menga moslashtirilgan binolarda joylashgan qator markazlarning bir guruh faollari o‘zlarining mehnat sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish to‘g‘risida murojaat qildi. 

Shu munosabat bilan poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan, ilgari «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan Bobur ko‘chasidagi binoni Respublika baynalmilal madaniyat markaziga berishni va uni Do‘stlik saroyi deb nomlashni taklif etaman. Biz mazkur binoni rekonstruksiya qilish va uning atrofini obodonlashtirishni ko‘zda tutadigan tegishli hukumat qarorini qabul qilamiz. 

Ana shu binoning yonida joylashgan va mustaqillik yillarida Respublika baynalmilal madaniyat markazi o‘zining ko‘plab tadbirlarini o‘tkazib kelayotgan bog‘ni «Do‘stlik bog‘i» deb nomlashni taklif qilaman. 

Shu munosabat bilan Bosh vazir A.N.Aripov tegishli idoralar bilan birgalikda, bir oy muddatda mazkur bog‘ hududida O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha elu elat vakillarining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari va pazandachilik an’analarini namoyish etishi uchun pavilyonlar barpo qilish loyihasini ishlab chiqishi zarur. 

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida Navro‘z bayrami arafasida ochiladigan yangi bog‘ esa endi buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan ataladi. 

Fanlar akademiyasi institutlari bilan hamkorlikda mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish va uyg‘unlashtirishga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish Respublika baynalmilal madaniyat markazining yana bir dolzarb vazifasi, deb hisoblayman. 

Agar O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan har bir milliy madaniy markazning faollari o‘zlarining tarixiy vatanlari bilan madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlarni yanada faol rivojlantiradigan bo‘lsa, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Respublika baynalmilal madaniyat markazi biz uchun muhim bo‘lgan bu masalada katta vazifani bajarishi kerak. 

Ishonamanki, yana bir taklifni sizlarning barchangiz qo‘llab-quvvatlaysiz. 

Afsuski, hozirgi vaqtda shunday tajriba shakllanganki, mamlakatimizning aksariyat aholisi turli millat va elatlar madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bir yilda atigi ikki-uch marta, eng avvalo, Navro‘z bayrami kunlarida tanishish imkoniyatiga ega, bu albatta yetarli emas. 

Shundan kelib chiqqan holda, Respublika baynalmilal madaniyat markazi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda yurtimizdagi ijodiy tashkilotlar bilan hamkorlikda keng jamoatchilikni O‘zbekistonda yashayotgan turli millat va xalqlar vakillarining betakror madaniyati, xalq hunarmandchiligi, an’ana va urf-odatlari bilan tizimli va doimiy asosda tanishtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishi va har yili yil davomida uni amalga oshirishi ayni muddao bo‘lur edi. Buning uchun ularga mamlakatimizdagi eng yaxshi konsert maydonchalari, teatr sahnalari va ko‘rgazma zallarini berish kerak. 

Hech shubhasiz, bularning barchasi turli xalqlar madaniyatlarining bir-birini o‘zaro boyitishiga, bizning ko‘p millatli O‘zbekistonimizning ma’naviy va madaniy hayotini yanada yorqin namoyon etishga xizmat qiladi. 

Qadrli do‘stlar! 

Biz sizlar bilan mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingan joriy yil boshida uchrashib turganimiz chuqur ramziy ma’noga ega. 

Odamlarning dardu tashvishi, manfaatlarini o‘ylab yashash, aholi uchun munosib sharoitlar yaratish, dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan munosib o‘rin olishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilaganmiz. 

Ishonchim komil, sizlar ana shu dasturiy vazifalarni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etasiz. Xalqimiz sizlarning biz uchun o‘ta muhim, shunchalik zarur faoliyatingizni yuksak qadrlaydi va u munosib baholanmoqda. 

Mustaqillik yillarida Respublika baynalmilal madaniyat markazi va milliy madaniy markazlarning yuzdan ortiq faollari faxriy unvonlarga sazovor bo‘ldi, orden va medallar bilan taqdirlandi. 

Turli millatlar vakili bo‘lgan 14 nafar fuqaromiz O‘zbekiston Qahramoni degan yuksak unvon bilan mukofotlanganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. 

Men sizlarning ko‘pchiligingizni shaxsan taniyman, aksariyatingizni televideniye, matbuotdagi chiqishlaringiz orqali bilaman va bugun boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan, xalqimizning birligi va jipsligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan yana 20 nafardan ziyod tashabbuskor va fidoyi yurtdoshlarimizga Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirishdan xursandman. 

Ularning orasida Navoiy viloyati Konimex tumanidagi qoraqalpoq milliy madaniy markazi faoli Nurkul Bazarbayeva, Respublika baynalmilal madaniyat markazi direktorining o‘rinbosari Sergey Mironov, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani tatar milliy madaniy markazi raisi Anisya Gataullina, Sirdaryo viloyati rus milliy madaniy markazi raisi Faina Golubsova, Xorazm viloyati qozoq milliy madaniy markazi raisi Po‘latbek Izyumov, Jizzax viloyati koreys milliy madaniy markazi raisi Oleg Kim, Farg‘ona viloyati yahudiy milliy madaniy markazi raisi Semyon Abdurahmonov, Toshkent shahridagi litva milliy madaniy markazi raisi Lidiya Dovidaytis, Samarqand viloyatidagi nemis milliy madaniy markazi raisi Natalya Kayzer, Nukus shahridagi «Slavutich» ukrain milliy madaniy markazi raisi Olga Mironets, Qashqadaryo viloyatidagi tojik milliy madaniy markazi raisi Abdurasul Ergashev kabi yurtdoshlarimiz bor. 

Shuningdek, Toshkent shahridagi «Svitanak» belorus milliy madaniy markazi raisining o‘rinbosari Nina Shubnikova, Qashqadaryo viloyatidagi arab milliy madaniy markazi raisining o‘rinbosari Niyozmuhammad Panjiyev, Buxoro viloyatidagi turk milliy madaniy markazi raisi o‘rinbosari Juma Shukurov, respublika ozarbayjon milliy madaniy markazining «Ozarbayjon qizlari» ansambli badiiy rahbari Kaykep Aliyeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasi turkman milliy madaniy markazi faoli Arazmuxammet Abayev, Andijon viloyatidagi qirg‘iz milliy madaniy markazi faoli Umutxon Mamataliyeva, respublika arman milliy madaniy markazi faoli Georgiy Saakov va boshqalar ham davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular birgalikdagi say’-harakatlari bilan eng muhim vazifani bajarmoqda, ya’ni mamlakatimizni rivojlantirishga, uning ma’naviy va insonparvarlik asoslarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. 

Endi uchrashuvimizning hayajonli qismiga o‘tish – Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirishga ruxsat bergaysiz. 

Hurmatli do‘stlar! 

Sizlarning barchangizni Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 25-yilligi bilan yana bir bor tabriklab, jonajon O‘zbekistonimizning barqaror taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida beg‘araz mehnatingiz uchun o‘zimning chuqur minnatdorligimni izhor etishga ijozat bergaysiz. 

Sizlar bilan, ko‘p millatli va mehnatsevar xalqimiz bilan birgalikda erkin demokratik va farovon davlat quramiz hamda ko‘zlagan yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz. 

Sizlarning barchangizga mustahkam sog‘lik va omad, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. 

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi qo‘llasin! 

Go‘zal diyorimizda doimo tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lsin! 

Vatanimiz osmoni hamisha musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin! 

E’tiboringiz uchun rahmat.

Поделиться