O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryo viloyati faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2017-01-24 | Jamiyat
Termizda 2016-yil yakunlari va 2017-yilda Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Hisobot davrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijalari va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni ishga tushirish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash yuzasidan olib borilayotgan ishlar viloyat iqtisodiyotining barcha sohalarida izchil o‘sish sur’atlarini ta’minlash imkonini berdi. Qurilish, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida tarkibiy o‘zgarishlar yuz berdi. Yalpi hududiy mahsulot, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qurilish-montaj ishlari hajmi ortdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, ularning huquqiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilayotgan e’tibor samarasida sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi va eksport salohiyati yuksaldi.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida viloyatda bir qator yangi loyihalar amalga oshirilishi, jumladan, sanoat salohiyatini yanada yuksaltirish ko‘zda tutilgan. Servis va xizmat ko‘rsatish sifatiga alohida ahamiyat qaratiladi. Qishloq joylarda toza ichimlik suvi va tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi. Yangilangan namunaviy loyihalar asosida mingdan ziyod zamonaviy uy-joy bunyod etiladi. 150 dan ortiq ta’lim, tibbiyot muassasalari, bolalar sporti inshootlari va boshqa ijtimoiy soha obyektlari kapital ta’mirlanadi, rekonstruksiya qilinadi, yangidan quriladi.
Yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha tahlil qilindi. Kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Surxondaryo viloyati faollari yig‘ilishida viloyat hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.