O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Elim deb, yurtim deb yashaganlar hech qachon unutilmaydi

2017-01-24 | Jamiyat

Xalqning tinch va farovon hayoti, yorug‘ kelajagi uchun umrini bag‘ishlagan insonlar nomi abadiyatga daxldordir. 

Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ana shunday saodatga musharraf bo‘lgan, xalqimizning mehrini qozongan, millionlab odamlarning qalbidan mangu joy olgan tarixiy shaxs edi. 

Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida Buyuk Yo‘lboshchimiz tavallud topgan kun – 30-yanvar sanasini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda ushbu sana munosabati bilan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazilayotir. 

Tadbirlarni bayramona ruhda tashkil etishda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi kabi turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, olimlar, yozuvchi va shoirlar faol ishtirok etmoqda. 

Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi Habibiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini va Sergeli tibbiyot kollejida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz ozodligini ta’minlash yo‘lidagi ulkan xizmatlarini yoshlar ongu qalbiga singdirish tarbiyaviy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. 

Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida mangu qoladi. Xalqimiz tarixan qisqa muddat – 25-yilda erishgan barcha yutuq va marralarni haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz nomi bilan bog‘laydi. 

– Bugun yoshlarimiz tinch va osoyishta osmon ostida, ota-onasi bag‘rida emin-erkin ulg‘aymoqda. Ular istiqlolni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uning qadriga yetish zarurligini, bu yorug‘ va saodatli kunlarimiz, baxtiyor hayotimiz xalqimizning fidoyi insonlari chekkan mashaqqatlar evaziga kelganini bilishi kerak, – deydi Habibiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Husniddin Begmatov. – Buyuk Yo‘lboshchimiz tavalludi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga bu haqda atroflicha hikoya qilib bermoqdamiz. 

Samarqand davlat universitetida o‘tkazilgan ana shunday tadbirda Islom Karimov hayoti va faoliyati, boy ma’naviy merosi haqida so‘z yuritildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.Quronov, “O‘zbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri S.Ostonov va boshqalar yigirma besh yil ichida O‘zbekistonning dunyoda o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lgani, jadal iqtisodiy taraqqiy etishi, aholi turmush darajasining muttasil o‘sib borishi Birinchi Prezidentimiz faoliyati, puxta va uzoqni ko‘zlab olib borgan siyosati bilan bog‘liq ekanligini ta’kidladi. Ayniqsa, tarixiy haqiqatning qaror topishi, zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarimiz nomini abadiylashtirish va ular merosini asrab-avaylash, keng targ‘ib etish borasidagi ishlar xalqimiz ma’naviy hayotini butunlay yangilab, yangi davlat, yangi jamiyat barpo etishning mustahkam poydevori bo‘ldi. 

– Mustaqillikning dastlabki yillarida Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan mashhur besh tamoyil qisqa davrda hayotda o‘zini oqlab, dunyo davlatlari, xalqaro tashkilotlar tomonidan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” sifatida e’tirof etildi, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Eshmuhammad Qodirov. – Ko‘plab davlatlar bu tamoyillardan namuna olishga, uni o‘z siyosatiga targ‘ib etishga intildi. Ta’lim tizimidagi islohotlar, qishloq joylarda aholi turmush farovonligini oshirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida kuchli ijtimoiy siyosat olib borilishi mamlakatimiz erishgan muvaffaqiyatlarning muhim omillari hisoblanadi. 

Shunday tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida davom etmoqda. 

Поделиться