O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlik faoliyati davlat himoyasida
2017-01-24 | Iqtisodiyot
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni xususiy mulkni himoya qilishni yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi uchun qulay sharoit yaratishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Toshkent shahrining Chilonzor hamda Shayxontohur tumanlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda tadbirkorlarimizning emin-erkin ish yuritishiga doir joriy etilgan yangiliklar xususida so‘z yuritilib, sohadagi mavjud kamchilik va muammolarning yechimi atroflicha tahlil etildi.
Uchrashuvlarda Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari N.Husanov, Toshkent shahar prokurori B.Qudratxo‘jayev, shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i M.Pardayev, Chilonzor tumani hokimi T.Mirhidoyatov, Shayxontohur tumani hokimi o‘rinbosari K.Zohidov va boshqalar mamlakatimizda kichik biznesning iqtisodiyotdagi ulushini tobora orttirish, tadbirkorlik sohasida ish yuritish istagidagi fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanida ham qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik faoliyati yo‘lida uchrayotgan turli to‘siq va muammolarga vaqtida barham berish, o‘z ishini boshlash istagidagi fuqarolar uchun keng erkinlik va qulayliklar yaratish, ularning faoliyatiga aralashuvni tubdan qisqartish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Korxonamiz 2006-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, – deydi Chilonzor tumanidagi "Ipak nur teks" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Saida Hakimova. – Aholining turli qatlamlari uchun keng assortimentdagi kiyim-kechaklar tikiladigan korxonamizda asosan kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislar mehnat qilmoqda. Yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida shu kunlarda biz qo‘shimcha 30-40 bitiruvchi uchun yangi ish o‘rinlarini barpo etish chora-tadbirlarini ko‘rmoqdamiz.
Shayxontohur tumanida 9 mingdan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyekt ro‘yxatdan o‘tgan. 2016-yilda tumanda hokimlik, huquq-tartibot va boshqa mutasaddi idoralar hamkorligida turli sabablarga ko‘ra faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan 800 dan ziyod tadbirkorlik subyekti o‘z ishini qayta tiklab, yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
– Korxonamiz obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish sohasida 22-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, – deydi Shayxontohur tumanidagi "Yashil barg" korxonasi rahbari Venera Abdurazzoqova. – Bankdan kredit olish va boshqa ba’zi moliyaviy masalalarda qiyinchiliklarga duch kelayotgan edik. Bunday uchrashuvlar turli to‘siqlarga to‘g‘ri va oqilona yechim topish, yurtimizdagi har bir tadbirkor hamisha davlatimiz himoyasida ekanini teran his etish imkonini bermoqda.
Uchrashuvlarda mutaxassislar tadbirkorlarning savollariga javob qaytardi.