O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq bilan muloqot – zamon talabi
2017-01-24 | Jamiyat
Andijon viloyati hokimligida xalq bilan muloqot tizimini takomillashtirish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va samarali usullarini joriy etish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarish, tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.Azizov va boshqalar mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida mazkur soha iqtisodiy taraqqiyotimiz va farovon hayotimizning mustahkam tayanchiga aylanayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi «Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi» nomli ma’ruzasida mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan dolzarb vazifalar belgilab berildi. Tadbirkorlik faoliyati va xususiy mulkni himoya qilish shulardan biri bo‘lib, bu iqtisodiyotimiz barqarorligi, xalqimiz farovonligining eng muhim omillaridan biridir.
Inson manfaatlarini ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirishda xalq bilan muloqot qilish, ularning orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini bilish muhim hisoblanadi. Xalq bilan muloqot inson manfaatlarining yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Muloqotda Prezidentimiz ma’ruzasi hamda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilidagi asosiy vazifalar, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, soliq va byudjet siyosatining 2017-yilgi asosiy yo‘nalishlari, soliq qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashdagi muhim vazifalar, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.
Videomuloqot tarzida o‘tgan tadbirda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan vakillar ishtirok etdi. Tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi, zarur huquqiy maslahat berildi.
Tadbir doirasida tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.