O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harakat strategiyasi muhokamasiga bag‘ishlandi
2017-01-24 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakat strategiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi S.Otamuradov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi A.Jalilov va boshqalar mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz daxlsizligi ta’minlangani, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda xalqimizni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash va ilg‘or xorijiy tajribalarni tahlil qilgan holda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakat strategiyasi tayyorlandi. Harakat strategiyasida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, sud-huquq, iqtisodiy, ijtimoiy sohalar va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha beshta ustuvor yo‘nalish belgilangan. Harakat strategiyasi besh bosqichda, kelgusi besh yilda yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha kelib chiqadigan vazifalar ijrosini ta’minlash atroflicha muhokama qilindi. Parlamentning xalqaro munosabatlarini kengaytirish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash orqali mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar muvaffaqiyatiga hissa qo‘shish, shu maqsadda xalqaro munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining “Xalqaro shartnomalar to‘g‘risida”, “Davlat diplomatik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlari va Konsullik ustavini takomillashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni oxiriga yetkazishga doir taklif va mulohazalar bildirildi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalq bilan muloqot samaradorligini yanada oshirish maqsadida Prezidentning, davlat boshqaruv organlari rahbarlarining virtual qabulxonalari, joylarda Xalq qabulxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi xalq bilan muloqot qilishning samarali mexanizmini yaratmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burhonov. – Harakat strategiyasi loyihasi bo‘yicha xalqimiz tomonidan ko‘plab fikr mulohazalar va takliflar bildirilmoqda. Bu esa kelajakda qabul qilinayotgan xujjatlarning xalqchil bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar va qonun loyihalari bo‘yicha deputatlar o‘z takliflarini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakat strategiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ekoharakat deputatlari guruhi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ekspertlar, mutaxassislar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari B.Alixonov, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov va boshqalar mamlakatimizda mustaqillik yillarida jamiyatimizning barcha sohalarida amalga oshirilgan tub islohotlar inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning turmush farovonligini oshirishda yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi.
Bu boradagi islohotlarni, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, barcha sohalarni liberallashtirish, mamlakatimizni modernizatsiyalash jarayonlarini chuqurlashtirish jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishning muhim omilidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ana shunday ustuvor vazifalardan kelib chiqib ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakat strategiyasida muhim vazifalar o‘z ifodasini topgan. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, sud-huquq, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, iqtisodiyotni yanada isloh etish, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash bilan bog‘liq chora-tadbirlar qamrab olingan.
Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatimizni modernizatsiya qilishda parlamentning rolini kuchaytirish strategiyada belgilangan muhim yo‘nalishlardan biridir. Deputatlar va ekspertlar harakat strategiyasini muhokama qilish asnosida 2017-yilda bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ustuvor masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining huquqiy asoslarini kengaytirish bilan bog‘liq dolzarb vazifalar tahlil etildi.
Mamlakatimizda «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilining izchillik bilan amalga tatbiq etilishi natijasida davlat tashkilotlarining ayrim vakolatlari bosqichma-bosqich nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga o‘tmoqda. Buning natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarning mamlakatimizda olib borilayotan islohotlardagi faolligi oshmoqda, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uslublari takomillashayotir.
Hozirgi kunda ellikdan ortiq qonunda nodavlat notijorat tashkilotlarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlari belgilangan. Bu borada huquqiy munosabatlarning tobora chuqurlashayotgani ushbu yo‘nalishdagi qonunchilikni ham yanada takomillashtirishni taqozo etayotir. Shundan kelib chiqib ishlab chiqilayotgan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun ushbu faoliyatni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
«Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, ushbu sohaga mas’ul davlat organlarining me’yoriy-huquqiy hujjatlarini qonun talablariga moslashtirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Tadbirda, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish masalasiga e’tibor qaratildi.
Ekologiya sohasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida, atmosfera havosini muhofaza qilish, ekologik ekspertiza va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish bilan bog‘liq vazifalar xususida fikrlashildi.
Yig‘ilishda harakat strategiyasi asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy faoliyat yo‘nalishlari yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.