O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi bilan yuzma-yuz
2017-01-24 | Jamiyat
Samarqandda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili talablarining bajarilishida jamoat tashkilotlarining rolini oshirish” mavzucida respublika amaliy seminari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan seminarda tarmoq va hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari, ularning hududiy bo‘limlari rahbar va mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilari dastlab guruhlarga bo‘lingan holda Samarqand shahri va Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1 ming 200 ga yaqin aholi xonadonida bo‘lib, oilalardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, turmush tarzi, oila a’zolarining bandlik darajasi, daromadini oshirish bo‘yicha rejalari, farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalari haqida suhbatlashdi. Farhod shaharchasidagi 118-maktabgacha ta’lim muassasasi, 57-umumta’lim maktabi, 6-madaniyat va aholi dam olish markazi, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Mo‘minxo‘ja mahalla markazi, qishloq vrachlik punkti, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, Kattaqo‘rg‘on iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji faoliyati bilan tanishdi.
– Muloqotlar davomida aholining hududdagi ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, banklar faoliyati haqidagi fikr-mulohazalari, takliflarini eshitdik, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi Topvoldi Xoldorov. – Mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, farzandlari oliy o‘quv yurtida o‘qiyotgan oilalar, imkoniyati cheklangan kishilar, keksalar bilan suhbatlar chog‘ida qayd etilgan muammo va kamchiliklar yuzasidan hokimliklar va mutasaddi idoralar vakillari bilan fikrlashdik, o‘z tavsiyalarimizni berdik. Qaysi xonadonga kirgan bo‘lsak, oila a’zolarining biror-bir mushkulini oson qilish, duch kelayotgan muammolariga imkon qadar yechim topishga intildik. Xonadonma-xonadon kirib yurish asnosida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilga Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb nom berishining mohiyatini yana bir bor angladik. Qachonki xalq ichiga kirib borsak, ular bilan dildan suhbatlashsakkina yurtdoshlarimiz turmush tarzi, maqsad-o‘ylari haqida tasavvurga ega bo‘lamiz.
Umuman, ikki kunlik o‘rganish natijalari asosida Samarqand shahri va Kattaqo‘rg‘on tumanidagi mahallalarda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, maktabgacha ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kommunal sohadagi muammolarni bartaraf etish, ichki yo‘llar ta’miri va bandlik masalasiga alohida e’tibor qaratish, joylarda ma’naviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan aniq muddatli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, mas’ullar belgilandi.
Seminarning yakuniy anjumanida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi Q.Rafiqov, Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Sh.Jalilov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 24-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi va Vazirlar Mahkamasining yil yakunlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma’ruzalarida belgilab berilgan vazifalar, xalq bilan ochiq muloqotga kirishish va xalqimizga xizmat qilish nafaqat davlat organlari, balki jamoat tashkilotlari faoliyatining ham asosiy yo‘nalishini tashkil etishi lozimligi ta’kidlandi.
Bugun jamiyatimiz hayotida shiddat bilan yuz berayotgan yangilanish va o‘zgarishlar zamirida inson manfaatlari va uning qadr-qimmati turgani, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan maqsad aholi turmush sifati va darajasini oshirishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli ekani qayd etildi.
Ikki kun davomida ishchi guruhlar tomonidan joylarda oilalar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda o‘rganilgan masalalar, aniqlangan muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar chora-tadbirlari, ular ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish mexanizmlari to‘g‘risida tahliliy taqdimotlar o‘tkazildi.
Anjuman yakunida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati o‘rtasida xalq bilan muloqotlar orqali oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, turmush darajasi, iqtisodiy ahvolni xolis o‘rganish va yechimini kutayotgan masalalarni aniqlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi H.Oqbo‘tayev so‘zga chiqdi.