O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Duo bilan el ko‘karar
2017-01-24 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi yakunlari yurtdoshlarimizda ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi
Alisher Navoiy bobomiz mashhur misralarida qayd qilganidek, inson faqat xalq g‘ami, ezgu ishlar xayoli bilan yashashi kerak.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida qishloq vrachlik punkti, Muruvvat uyi, maktab, masjid, shifoxona va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida bo‘lib, odamlar bilan suhbatlashdi, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Prezidentimizning shifoxonada davolanayotgan bemorlar bilan muloqotda bo‘lib, ularning hol-ahvolini surishtirgani, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishgani meni hayajonga soldi. U kishi Xo‘jayli tumanidagi qishloq vrachlik punktida bo‘lganida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni batafsil tushuntirib berdi.
2017-yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishida katta ma’no mujassam. Xalq bilan muloqot inson manfaatlarini himoya qilishning muhim omilidir. Chunki bevosita uchrashuv-muloqot jarayonida nafaqat muammoning asl sababi ayonlashadi, balki uni bartaraf etish yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlanadi. Ayniqsa, rahbarlarning el orasiga kirishi xayrli ishdir. Shuni alohida qayd etish joizki, bunday tashabbus Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi chiqishlarida dastlab kun tartibiga qo‘yilgan edi.
Mamlakatimizda barcha sohalarga birdek e’tibor qaratilmoqda. «O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon biz, nuroniylar uchun alohida g‘amxo‘rlik bo‘ldi. Keksalarni hurmat qilgan, yosh avlod kamolini o‘ylagan jamiyatning kelajagi nurli bo‘ladi.
Prezidentimiz o‘zining har bir chiqishida yoshi ulug‘ keksalarga alohida hurmat ko‘rsatadi. Mamlakatimizda keksalarga g‘amxo‘rlik qilish ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga, sodda qilib aytganda, xalqimizga xos yuksak fazilatlardan biriga aylangan.
Davlatimiz rahbari Imom Eshon Muhammad masjidida nuroniylar bilan samimiy suhbatlashdi. Uchrashuvda keksalarni e’zozlash, yoshlar tarbiyasi haqida so‘z yuritilar ekan, duoda gap ko‘pligi, duo olgan kam bo‘lmasligini alohida ta’kidladi. Xalqimizda “Duo bilan el ko‘karar”, degan gap bor. Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlarni xalqimiz katta ko‘tarinkilik bilan kutib olmoqda. Yoshi ulug‘lar doimo duoda.
Prezidentimiz keksalarning sanatoriyalarda dam olishi uchun bir yilda bir marta bepul yo‘llanma berish, agar ular bora olmasa, yo‘llanmaning pulini berishni taklif qildi. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin.
Shavkat Mirziyoyev saylovoldi uchrashuvlarida tumanlarda aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida barcha qulayliklarga ega, arzon zamonaviy uy-joylar quramiz, degan edi. Bugun Kegeyli tumanida bu uy-joylarning dastlabkilari foydalanishga topshirildi. Ishlarning shiddat bilan, tizimli ravishda olib borilayotgani barchamizni quvontirmoqda.
Qoraqalpog‘istondagi uchrashuvlar, xalq bilan muloqotlar odamlarni ruhlantirib, ularni yangi bunyodkorlik ishlariga undamoqda.