Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 20-21-yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.
Qoraqalpog‘istonning boy tabiiy zaxiralari, sanoat korxonalari, fidoyi va mehnatkash xalqi mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Qo‘ng‘irot soda zavodi, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, o‘nlab qo‘shma korxonalar iqtisodiyotimizni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashrifi Qoraqalpog‘iston hayotida yangi istiqbollar ochdi. Davlatimiz rahbari 20-yanvar kuni sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy himoyalash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi sohalari muassasalarida bo‘lib, ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Odamlar bilan muloqotda bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Prezidentimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifining ikkinchi kuni Nukus shahrida quriladigan polimer mahsulotlari zavodi uchastkasiga tashrif buyurdi. Ushbu zavodda yiliga 8 ming tonna polietilen truba, qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqariladi. Zamonaviy texnologiya bilan jihozlanadigan korxonada yuzdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari mazkur korxona bilan yonma-yon barpo etiladigan energiya tarmog‘i mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavod loyihasi bilan ham tanishdi. Bu yerda Yaponiya, Shveytsariya, Italiya kabi mamlakatlarda tayyorlangan texnologiyalar asosida zamonaviy transformatorlar, fotoelektrostansiya detallari, avtomatik elektr hisoblagichlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Aholi ehtiyoji uchun turli tovarlar ishlab chiqarish, biznes subyektlarining barqaror ishlashi va hayot sifatini ta’minlashda kimyo sanoati va energetika tarmog‘i alohida o‘rin tutadi. Shu bois mamlakatimizda ushbu sohalarni izchil rivojlantirish, yangi korxonalar tashkil etish orqali import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mazkur ikki zavod bu boradagi ishlarning amaliy samaralaridandir. Ularda tayyorlanadigan mahsulotlar iqtisodiyotning ko‘plab jabhalarida qo‘llanilishi, import o‘rnini to‘ldirib, eksportga yo‘naltirilishi bilan ulkan ahamiyat kasb etadi.
Korxonalarni mamlakatimiz mustaqilligining 26-yillik ayyomiga foydalanishga topshirish zarurligi, bu xalqimizga munosib bayram tuhfasi bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz mazkur zavodlar qurilishi boshlanishi bilan tanishdi. Pudratchi va quruvchilar bilan suhbatlashdi, ushbu mas’uliyatli ishda ularga muvaffaqiyatlar tiladi.
Davlatimiz rahbari zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rekonstruksiya qilingan Nukus temir yo‘l vokzalini borib ko‘rdi. Bino peshtoqlari milliy naqshlar bilan bezatilgan. Kutish zali, ona va bola xonasi, tibbiyot xonasi va boshqa xonalarda yo‘lovchilar uchun keng qulayliklar yaratilgan.
Prezidentimiz bu yerda xizmat turlarini ko‘paytirish, xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish, yo‘lovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev Ibroyim Yusupov nomidagi iqtidorli bolalar maktabi qurilish uchastkasiga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni I.Yusupov qoraqalpoq va o‘zbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Uning asarlari Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat, yurtga fidoyilik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan. Shu jihatdan atoqli shoir ijodi yoshlar tarbiyasida ma’naviy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni kitobga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-yanvarda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ham ana shu e’tiborning amaliy ifodasidir.
Davlatimiz rahbari maktab loyihasini takomillashtirish, xususan, bino oldida maydon barpo etish va bu yerda Ibroyim Yusupov haykalini o‘rnatish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Maktab bazasida kichik bosmaxona tashkil etib, turli adabiyotlarni tarjima qilib, chop etish lozimligi ta’kidlandi. Bu badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni nashr qilish, ular bilan ta’lim muassasalarini ta’minlash ishlariga munosib hissa qo‘shadi.
Prezidentimiz Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida ham bo‘ldi. Bu yerda ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi, o‘yin maydonchasi, mehmonxona bunyod etilmoqda. Institutda haqiqiy ilmiy muhit yaratish, xorij tajribasini o‘rganish, xalqaro klinikalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, onalar va bolalar salomatligini samarali muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, barcha darajadagi hokimlar va rahbarlar aholi oldida hisobot beradigan tizim joriy etilishini ta’kidladi. Bugungi kunda joylarda ushbu tizimning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Xalq qabulxonalari tashkil etilmoqda.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi. Bu yerda fuqarolarni qabul qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va saqlash zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan. Ona va bola xonasi, tibbiyot xonasi va boshqa xonalarda zarur sharoitlar, nogironlar uchun alohida qulayliklar yaratilgan.
Har bir murojaatni adolatli ko‘rib chiqish va hal etish, rahbarlarning murojaatlar bilan ishlashini tahlil qilib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2009-2016-yillarda hududning 134 qishloq massivida namunaviy loyihalar asosida 3 ming 650 uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Nukus shahrida 34 ko‘p qavatli uy, zamonaviy amfiteatr, Yoshlar markazi, I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyining yangi binolari, turli sport majmualari bunyod etildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Prezidentimiz Nukusning Yernazar Olako‘z ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi bilan tanishdi. Rejaga ko‘ra, ushbu markaziy ko‘cha kengaytirilib, transport harakati uchun yanada qulaylik yaratiladi. Yo‘l bo‘yida ko‘p qavatli uylar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari quriladi.
Davlatimiz rahbari Imom Eshon Muhammad masjidida nuroniylar bilan suhbatlashdi. Unda xalqimiz turmush darajasini yanada oshirish, keksalarni e’zozlash, yoshlarni barkamol etib tarbiyalash haqida so‘z bordi. Nuroniylar Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida ilk tashrifini qoraqalpoq zaminidan boshlagani davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga, qoraqalpoq xalqiga bo‘lgan yuksak hurmat-e’tiboridan dalolat ekanini, tashrif natijalari bu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Anvar Boboyev, Anvar Samadov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA