O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elektron deklaratsiyalash xizmati takomillashtirilmoqda
2017-01-21 | Texnologiyalar
Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamining kengayishi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini yanada takomillashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun imtiyozlar va qulayliklar yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.
Birinchi Prezidentimizning 2012-yil 18-iyuldagi «Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan 2013-yil 1-yanvardan boshlab tovarlarni bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi amaliyotga joriy qilingan.
Unga binoan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan beriladigan malaka attestatiga ega bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar qo‘mitaning www.bojxona.uz veb-saytidagi havoladan “Elektron deklaratsiyalash” axborot tizimiga elektron raqamli imzo orqali kirib, bojxona yuk deklaratsiyalarini bevosita o‘z idoralaridan chiqmasdan turib, bojxona organlariga taqdim etib kelmoqda.
O‘tgan yillar davomida mazkur amaliyot o‘zini to‘la oqlab, birgina 2016-yilda bojxona organlariga taqdim etilgan 392 mingdan ortiq bojxona yuk deklaratsiyalarining deyarli barchasi elektron ko‘rinishda kelib tushgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga yanada qulaylik yaratish maqsadida endilikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham “Bojxona organlariga elektron bojxona yuk deklaratsiyalarini taqdim qilish” xizmati joriy qilindi.
Portal orqali ariza shakli to‘ldiriladi. Unga “e-BYuD” dasturi orqali avvaldan tayyorlangan bojxona yuk deklaratsiyasining elektron shakli ilova qilingan holda yuboriladi. Ilova qilingan deklaratsiya Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan berilgan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan bo‘lishi shart. Foydalanuvchilar “e-BYuD” dasturini qo‘mita veb-saytidan bepul ko‘chirib olishi mumkin.
Bojxona organlariga elektron bojxona yuk deklaratsiyalarini taqdim qilish xizmati 5 bosqichdan iborat. Jarayon muvaffaqiyatli yakunlanganda mutaxassisga bojxona yuk deklaratsiyasining ro‘yxatdan o‘tgan raqami hamda mazkur deklaratsiyaning QR kod bilan himoyalangan pdf formatdagi shakli taqdim etiladi.
Mazkur xizmat tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlarni yagona manzildan turib taqdim etish imkonini bermoqda.