O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi
2017-01-21 | Jamiyat
Unda adliya organlari va muassasalari tomonidan qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash sohasida 2016-yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni va joriy yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Bunda asosiy e’tibor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida ko‘rsatib o‘tilgan vazifalarga qaratildi.
Adliya vaziri M.Ikromov boshqargan yig‘ilishda adliya organlari mamlakatimiz ijtimoiy hayotida muhim o‘rin tutuvchi ko‘plab qonun hujjatlarini tayyorlash, amalda joriy etish, bir xilda va aniq qo‘llanilishini ta’minlash borasida izchil faoliyat olib borayotgani ta’kidlandi. Tadbirkorlar va xususiy mulk egalarining qonuniy manfaatlari himoyasi izchil ta’minlanmoqda. Fuqarolar va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmalar faoliyatini tartibga solish va samaradorligini oshirish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotir.
2016-yilda 75 normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, 14 qonun loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. 2,5 mingdan ortiq qonun hujjati loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. 309 idoraviy normativ-huquqiy hujjat davlat ro‘yxatiga olindi.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha vazirlik va idoralarga 6 mingdan ortiq taqdimnoma kiritilib, ularning mingdan ziyod noqonuniy qarori bekor qilindi.
Tadbirkorlik subyektlari va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquq va manfaatlari himoyasi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Sudlarga kiritilgan 122 milliard so‘mga yaqin da’vo arizalari qanoatlantirildi. 2,2 mingdan ziyod faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tiklanib, ularda 5 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.
Olib borilgan nazorat ishlari natijasida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkazilgan noqonuniy tekshirishlar 87 foizga, tekshirishlar tartibini buzish holati 37 foizga kamaydi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha Adliya vazirligiga yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan “Yoshlarga doir davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur qonun qabul qilinib, 2016-yil 15-sentabrda kuchga kirdi.
Hay’at majlisida o‘tgan yil davomida bajarilgan ishlar atroflicha tahlil etildi. Yutuqlar bilan birga ayrim adliya organlari va muassasalari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqid qilindi. Ijro intizomini mustahkamlash, faoliyatni tizimli ravishda rejalashtirishni amalga oshirish, nazorat va monitoring tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish, muammolarni keltirib chiqarayotgan sabab hamda sharoitlarni aniqlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida adliya organlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.