O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Vaqt ham, mablag‘ ham tejalmoqda

2015-02-14 | Iqtisodiyot

Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo'ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma'ruzasida kichik biznes subyektlari tomonidan statistik va soliq hisobotlarini taqdim etish mexanizmlari sezilarli darajada soddalashtirilgani ta'kidlandi.

Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o'z samaralarini berayotir. Darhaqiqat, statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarning elektron shaklda taqdim etilayotgani barcha xo'jalik subyektlariga qator qulayliklar yaratayotir.

Prezidentimizning 2012-yil 16-iyulda qabul qilingan "Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

– Mazkur farmon ijrosi doirasida hisobotlar unifikatsiya qilinib, soddalashtirilgani hamda uni taqdim etish tartibining takomillashtirilgani subyektlarning vaqt va mablag'ini tejashda muhim omil bo'lmoqda, – deydi Buxoro viloyati statistika boshqarmasi boshlig'i B.G'iyosov. – Masalan, mikrofirmalar ilgarigidek yilida to'rt marta o'rniga bir marta, fermer xo'jaliklari 5-marta emas, uch marta shunday hujjatni taqdim qilmoqda. Viloyatdagi 17,5 mingdan ziyod xo'jalik yurituvchi subyektlar hisobotlarni elektron shaklda uzatishga o'tish jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo'yicha moddiy-texnik bazasini mustahkamladi. Statistika idoralarida ham bu borada tegishli tashkiliy-texnikaviy tadbirlar amalga oshirildi. Bugungi kunda statistika boshqarmasi hamda uning tuman va shaharlardagi bo'limlari zamonaviy komputer texnikalari, server apparatlari va aloqa vositalari bilan to'liq ta'minlangan.

Davlat statistika qo'mitasi bilan tizimning quyi bo'g'inlari o'rtasida axborot xavfsizligi talab va me'yorlariga javob beradigan "UzNet" internet provayderi tarmog'i asosida himoyalangan elektron pochta yordamida yuqori tezlikdagi ma'lumot almashish korporativ (VPN) tarmog'i ishlamoqda.

Qo'mitaning viloyat boshqarmasida www.buxstat.uz rasmiy veb-sayti tashkil etilgan. Unda sohaga oid qonun va qonunosti hujjatlari, ularga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalar joylashtirilmoqda. Bu tadbirkorlarga o'zlarini qiziqtirgan ma'lumotlarga tez va sifatli ega bo'lishi uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Saytda statistik hisobotlarni elektron shaklda taqdim etishning qulayliklari, elektron hisobotni yuborish tartiblari bo'yicha interaktiv xizmatlar ham joriy qilingan.

Statistik hisobotlarning to'liq elektron shaklda taqdim etilishini ta'minlashda joylarda olib borilayotgan targ'ibot-tushuntirish ishlari muhim ahamiyat kasb etayotir.

– Ilgari moliyaviy, soliq va statistik hisobotlarni qog'oz-hujjat ko'rinishida topshirish uchun qator idoralarda navbat kutib, vaqt sarflashga to'g'ri kelardi, – deydi Shofirkon tumanidagi qorako'lchilikka ixtisoslashgan "G'alaba" shirkat xo'jaligi bosh hisobchisi S.Sulaymonov. – Endi bunga chek qo'yildi. Elektron hisobotlarni taqdim etish borasidagi malaka va tajribamizni oshirishda statistika bo'limi xodimlari ham uslubiy, ham amaliy jihatdan ko'maklashmoqda.

Bunday keng ko'lamli targ'ibot tadbirlari o'z samarasini berayotir. Masalan, viloyatda elektron ko'rinishda hisobot topshirgan tadbirkorlik subyektlari 2013-yilda 93 foizga o'sdi. O'tgan yilning to'rtinchi choragida bu ko'rsatkich 99,6 foizga yetdi.

Amalga oshirilayotgan ishlarning samarasi sifatida shuni qayd etish kerakki, davlat statistika hisobotlari uchun 2011-yili viloyatda blanka shaklida 3,5 tonnaga yaqin qog'oz sarflangan bo'lsa, endilikda bunga deyarli hojat qolmadi. Zamonaviy texnologiya barcha subyektlarda, jumladan, kichik biznes korxonalarida sarf-xarajatlarni, xodimlarning vaqtini tejashga xizmat qilmoqda.

Yana bir masala. Hisobotlarning elektron shakli statistika idoralari xodimlari uchun ham qator qulayliklar yaratdi. Hisobotlarni tahlil etish, o'rganish jarayonlari tezlashdi. 2015-yildan boshlab statistika organlarida barcha davlat statistik hisobotlari to'liq elektron shaklda qabul qilinmoqda.

Поделиться