O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tayyorgarlik qizg‘in
2015-02-14 | Jamiyat
Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 29-mart kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mazkur jarayonning muhim voqealaridan biridir.
Ushbu siyosiy tadbirning qonun talablari asosida o'tishini ta'minlashda O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari muhim o'rin tutadi.
Prezidentimiz rahnamoligida mustaqillik yillarida demokratik talablar va umume'tirof etilgan xalqaro me'yorlarga to'la javob beradigan, fuqarolarning o'z xohish-irodasini erkin bildirish kafolatlarini ta'minlaydigan mustahkam milliy saylov tizimi yaratildi. Saylovlarning qonun talablariga mos ravishda ochiqlik, oshkoralik hamda demokratik tamoyillar asosida tashkil etilishi va o'tkazilishini ta'minlash bo'yicha barcha huquqiy asoslar mavjud.
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida bo'lgani kabi 5-Navoiy saylov okrugi hududida ham O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonida mavjud qonunchilikka qat'iy rioya etilishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Tashkil etilgan 333 saylov uchastkasida saylovchilar uchun barcha sharoit yaratildi. Viloyatda ro'yxatga olingan saylovchilarning 4 ming 563 nafari ilk bor ovoz beradigan yoshlardir.
Bo'lajak saylovning ochiq-oshkoraligini va jurnalistlarni siyosiy jarayon bilan bog'liq axborot bilan ta'minlash uchun matbuot markazi faoliyati yo'lga qo'yildi. Okrug komissiyasining ish rejasi, chora-tadbirlar dasturi, a'zolarining vazifalar taqsimoti hamda navbatchilik jadvallari ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlanib, saylov uchastkalari a'zolari uchun o'quv-seminarlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Muxtasar aytganda, mamlakatimiz hayotidagi ushbu muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik qizg'in davom etmoqda.