O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ochiq va oshkora o‘tadi
2015-02-14 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasida navbatdagi matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi rahbari A.Ahmedov ushbu muhim siyosiy jarayonga ko'rilayotgan tayyorgarlik haqida atroflicha ma'lumot berdi.
Viloyatda shu yil 29-mart kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori darajada o'tkazishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Milliy qonunchiligimizga muvofiq belgilangan muddatda viloyatda 708 saylov uchastkasi tuzilib, ularning hududiy chegaralari, joylashgan manzili to'g'risidagi ma'lumotlar mahalliy matbuotda e'lon qilindi. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tavsiyasi asosida shakllantirilgan uchastka saylov komissiyalari shaxsiy tarkibi tasdiqlanib, matbuotda chop etildi. Okrug saylov komissiyasi a'zolari saylov uchastkalariga biriktirilib, vazifalar belgilab berildi. Bu jarayonda saylov uchastkalarini zamonaviy usulda jihozlab, saylovchilar uchun yetarli qulaylik yaratishga e'tibor kuchaytirilmoqda.
– "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunning 16-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalarning mazkur jarayonga tayyorgarlik ko'rish va uni uyushqoqlik bilan o'tkazish yuzasidan amalga oshirayotgan ishlari haqidagi hisobotlarini eshitdik, – deydi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi o'rinbosari Ch.Qurbonov. – Ish rejamiz asosida endi saylovga aloqador boshqa bir qator muassasa va jamoat tashkilotlarining axborotlarini eshitishni mo'ljallamoqdamiz. Uchastka saylov komissiyalari a'zolari, aholi, ayniqsa, saylovda ilk marta ishtirok etadigan yoshlar uchun seminar va uchrashuvlar tashkil etishga hozirlik ko'rilayotir.
Anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.