O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonuniylik – bosh mezon
2015-02-07 | Jamiyat
Joriy yilning 29-mart kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlariga amal qilgan holda, yuksak demokratik tamoyillar asosida tashkil etish yuzasidan 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi tomonidan ham zarur chora-tadbirlar ko'rilmoqda.
– "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunga binoan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazishni O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari ta'minlaydi, – deydi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi Yaxshinor Allayorov. – Shunga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi saylov okruglari tuzildi hamda okrug saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi.
7-Samarqand okrug saylov komissiyasi rais, rais o'rinbosari, kotib hamda sakkiz nafar a'zodan iborat tarkibda faoliyat ko'rsatmoqda. Qonunda belgilangan vakolat va vazifalarni amalga oshirish uchun komissiya joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litsey binosida barcha zarur sharoit yaratilgan. Komissiya o'z faoliyatini tasdiqlangan ish rejasi, vazifalar taqsimoti asosida olib bormoqda.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, shu yilning 26-yanvar kuni okrug hududida 957 saylov uchastkasi tuzish to'g'risida qaror qabul qilinib, mazkur saylov uchastkalari joylashgan manzil, uning markazi va chegaralari haqidagi ma'lumotlar matbuotda chop etildi.
Saylovning ochiq va oshkoraligini ta'minlash, saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan tadbirlardan aholini keng xabardor etib borish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo'yicha viloyat matbuot markazi tashkil etildi. Mazkur markazda komissiya faoliyati yuzasidan jurnalistlar ishtirokida brifing va matbuot anjumanlari o'tkazilmoqda. Viloyatdagi ommaviy axborot vositalarida saylov qonunchiligini targ'ib etish va aholiga tushuntirish yuzasidan maxsus ruknlar, ko'rsatuv va eshittirishlar tashkil etilgan.
Ayni paytda okrug komissiyasi oldida uchastka saylov komissiyalari tarkibini tasdiqlash vazifasi turibdi. "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunga ko'ra, uchastka saylov komissiyalari xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining tavsiyasi asosida okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida 5-19 nafar a'zo, jumladan, rais, rais o'rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi. Shundan kelib chiqib, ayni paytda okrug saylov komissiyasi tomonidan zarur chora-tadbirlar ko'rilmoqda.