O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2016-yildagi faoliyat yakunlari va istiqboldagi rejalar muhokama etildi
2017-01-13 | Ekologiya
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Ekologik harakati, quyi palataning Ekoharakat deputatlari guruhi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining 2016-yildagi faoliyati yakunlari va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov va boshqalar ekologik qonunchilikni takomillashtirish, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, davlat dasturlarida bu yo‘nalishda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish, jamoat ekologik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Ekologik harakati tomonidan bu yo‘nalishdagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan mingdan ziyod tadbir tashkil etildi. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari faoliyatini tashkil etish, jamoat ekologik nazoratini ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.
Ekologiya sohasida qonun ijodkorligi yo‘nalishida ham muhim loyihalar hayotga tatbiq etildi. O‘nga yaqin qonun loyihalari bo‘yicha ish olib borildi. Buning natijasida o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid yangi tahrirdagi qonunlar qabul qilindi.
Ekoharakat deputatlar guruhi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan joylarda saylovchilar va Ekoharakat faollari bilan ko‘plab uchrashuvlar tashkil etildi. Bu jarayonda fuqarolardan tushgan ariza va murojaatlar tegishli tartibda ko‘rib chiqildi.
Atrof-muhit muhofazasiga ajratilgan resurslardan oqilona foydalanish borasida qabul qilingan hujjatlarning ijrosi ustidan davlat organlari va tegishli tuzilmalarning mas’uliyatini oshirish, bu borada deputatlik va jamoat nazoratini yuritishga alohida e’tibor qaratildi. Joylarda bu yo‘nalishda bir yuz ellikka yaqin tadbir tashkil etildi. Shuningdek, jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologik ta’lim-tarbiyani rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb vazifalarni hayotga tatbiq etishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb nomlanishi ekologiya sohasi mutaxassislari zimmasiga ham katta mas’uliyat yukladi. Bu boradagi vazifalarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish maqsadida Ekoharakat va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik qabulxonalarini tashkil etish, aholi bilan muloqot qilish va ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan yangicha mexanizmlar, samarali usullarni joriy etish, qonun ijodkorligi faoliyatini yanada rivojlantirish xususida fikrlashildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining yig‘ilishida ham 2016-yildagi faoliyat yakunlari tahlil etilib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov hisobot davrida qonun ijodkorligi, qonunchilikni takomillashtirish va samaradorligini oshirish, parlament nazoratini samarali tashkil etish, inson huquqlarini muhofaza qilish bo‘yicha qonun hujjatlari va davlat dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
Qonun ijodkorligi yo‘nalishida beshta qonun loyihasini ishlab chiqish, yigirmadan ortiq amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ish olib borildi. Buning natijasida «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi, «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi yangi qonunlar qabul qilindi. «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi.
Qo‘mita tomonidan tashkil etilgan nazorat-tahlil tadbirlarida bir qator qonunlarning joylarda ijro etilishi holati o‘rganilib, bu boradagi faoliyatni yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etish, fuqarolarning murojaatlariga o‘z vaqtida javob qaytarish bo‘yicha samarali mexanizmlarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlarni keng aholiga yetkazish maqsadida media-reja qabul qilinib, deputatlar ommaviy axborot vositalarida ikki mingga yaqin chiqish qildi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan ma’ruzasidan kelib chiqadigan, xususan, qonunchilikni yanada rivojlantirish, qonunlarning ijrosi samaradorligini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida deputatlar oldida turgan muhim vazifalar atroflicha tahlil etildi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida hamda O‘zbekiston Respublikasining 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasini amalga oshirishga yo‘naltirilgan asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.