O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhim siyosiy jarayonga puxta taraddud
2015-02-10 | Jamiyat
Joriy yilning 29-mart kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining xalqaro standartlar va saylov to'g'risidagi milliy qonunchilik talablari asosida ochiq-oshkora o'tishi hamda saylovchilarning faol ishtirokini ta'minlash borasida Toshkent viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasida 872 saylov uchastkasi tuzilib, saylovchilarning ovoz berishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.
– Saylovga tayyorgarlik milliy qonunchiligimiz talablari va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish hamda uni o'tkazish bo'yicha tadbirlar dasturi asosida olib borilmoqda, – deydi viloyat okrug saylov komissiyasi raisi Nurmuhammad Abdullayev. – Komissiya a'zolari avvalgi saylovlarda tajriba to'plagan, obro'li vakillardan iborat tarkibda shakllantirildi. Ularning ro'yxati, manzili va telefon raqami matbuotda e'lon qilindi. Viloyat okrug saylov komissiyasining samarali faoliyat ko'rsatishi uchun ajratilgan xonalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, mebellar, zarur adabiyotlar bilan ta'minlandi. Mavjud komputerlarning internet tarmog'iga ulangani tezkor axborot almashish imkonini beradi.
Saylov komissiyasi joylashgan bino foyyesida tashkil etilgan ko'rgazmali vositalar orqali ovoz beruvchilar saylovga doir huquqiy asoslar, tartib-qoidalar, saylov komissiyasi faoliyatiga oid tegishli ma'lumotlardan xabardor bo'lishi mumkin.
Joylarda saylov uchastkalarining moddiy-texnik ta'minoti hamda saylovchilar uchun qulayliklar yaratish bilan bog'liq bir qator tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda. Saylovga tayyorgarlik ko'rish, saylov bilan bog'liq jarayonlar xususida jamoatchilikni xabardor qilib borish, aholi, ayniqsa, saylovda ilk bor qatnashadigan yoshlarning bu boradagi bilim va tushunchalarini kengaytirish, targ'ibot-tashviqot ishlariga alohida e'tibor qaratilayotir.