O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hamkorlik istiqbollari
2015-02-11 | Jamiyat
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarni e'zozlash, ularni har jihatdan qo'llab-quvvatlash, ayollarga munosib turmush, mehnat sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ezgu sa'y-harakatlar xalqaro miqyosda ham alohida e'tirof etilmoqda.
O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasining 2014-yilda xalqaro munosabatlar doirasida olib borgan faoliyatiga bag'ishlangan hisobot tadbirida shu jihatlarga e'tibor qaratildi.
Mamlakatimizda barcha jabhalarda kechayotgan yangilanishlar jarayonida xotin-qizlarning faolligini, bilim va salohiyatini yuksaltirish, oila, onalik va bolalik manfaatlarini ta'minlash muhim o'rin egallaydi. Davlatimiz rahbarining 2004-yil 25-maydagi "O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi faoliyatini qo'llab-quvvatlash borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoni opa-singillarimizning jamiyat hayotidagi o'rni va nufuzini yanada oshirishda, ularga ko'proq qulaylik va imkoniyatlar yaratishda muhim dasturilamal bo'lmoqda.
Bugungi kunda O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi tizimida 208 hududiy bo'lim va bo'linma, 42 mingga yaqin boshlang'ich tashkilot faoliyat ko'rsatmoqda. Mamlakatimizda jahon xotin-qizlar harakatlari bilan bevosita muloqot o'rnatish yo'lida yaratilgan imkoniyatlar natijasida ushbu jamoat tashkiloti tomonidan O'zbekistonda ayollarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasidagi ezgu sa'y-harakatlardan xalqaro hamjamiyatni to'la xabardor etish, ilg'or tajribalarni ommalashtirish, xalqaro munosabatlarni yanada rivojlantirish yuzasidan salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Xotin-qizlar qo'mitasining bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Qoraqalpog'iston Respublikasi, barcha viloyatlarda ayollar uchun imtiyozli kredit mablag'lari ajratish va shu orqali qishloq ayollarining ijtimoiy faolligini oshirish, oilalarning iqtisodiy farovonligini yuksaltirish bo'yicha loyiha va dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Evropa Ittifoqining Institutsional rivojlantirish va hamkorlik dasturi doirasida "Ehtiyojmand oilalarga daromad manbalarini yaratishda ijtimoiy yordam ko'rsatish imkoniyatlarini kengaytirish bo'yicha yangi dasturlar" loyihasi bo'yicha ayollarning iqtisodiy bilim va salohiyatini yuksaltirishga doir turkum seminarlar o'tkazilib, mahallalarda "Yagona oyna" axborot-maslahat xizmati tashkil etildi. BMTning Bolalar jamg'armasi bilan hamkorlikda "Bola shaxsiga yo'naltirilgan ta'lim" loyihasi doirasida bolalarni maktabga tayyorlash bo'yicha ota-onalar o'rtasida targ'ibot-tushuntirish ishlari olib borish, bog'chalarga kichkintoylarning jalb qilinishini yanada kengaytirish, ushbu maskanlarda qisqa muddatli guruhlar tashkil etish yuzasidan ijobiy natijalarga erishildi.
– Fuqarolar yig'inimizda ikki yarim ming nafardan ortiq xotin-qiz istiqomat qiladi, – deydi Qoraqalpog'iston Respublikasi Qanliko'l tumanidagi "Besko'pir" ovul fuqarolar yig'inining diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchisi Guliston Aralbayeva. – 2014-yilda Xotin-qizlar qo'mitasi o'z biznesini boshlash istagidagi oltmish nafarga yaqin ayolga imtiyozli kredit olib berishda ko'maklashdi. Natijada uyda o'tirgan xotin-qizlarga chevarlik, gilamdo'zlik, pazandalik bilan shug'ullanishi uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.
Tadbirda Xotin-qizlar qo'mitasining xalqaro munosabatlar doirasidagi istiqboldagi rejalari belgilab olindi.
Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo'mitasi raisi E.Bositxonova so'zga chiqdi.