O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2017-01-11 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Avtotransport xizmatlari bilan ta’minlash sohasini yanada takomillashtirish, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga erishish hamda mamlakat shahar va qishloqlarida aholi bandligi muammolarini hal etishda avtotransport xizmatlari ko‘rsatishning rolini kuchaytirish, yo‘lovchilar tashish xavfsizligini oshirish va atmosferaga zararli tashlamalarni qisqartirish maqsadida: 

1. Quyidagilar respublikada avtomobil transportida yo‘lovchilar tashishni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin: 

harakatdagi tarkibni zamonaviy, qulay avtobuslar va mikroavtobuslar bilan yangilash, yo‘nalishlarni oqilona tashkil etish va kengaytirish, yo‘l qoplamalarini birinchi navbatda qishloq joylarda yaxshilash hisobiga aholining avtomobillarda tashuvlarga bo‘lgan talab-ehtiyojini yanada to‘liq qondirishni ta’minlash;

yo‘lovchilar tashish xavfsizligi chora-tadbirlarini kuchaytirish, yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanish jadvallariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifat darajasini oshirish, yo‘lovchilar tashish sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini shakllantirish, yo‘lkira haqi uchun naqd pulsiz to‘lov tizimini joriy etish; 

avtobuslar va mikroavtobuslardan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, avtomobil transporti korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash; 

yo‘lovchilar tashishni boshqarish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish. 

2. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi zimmasiga yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks amaliy chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi va tizimli asosda amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vazifasi yuklansin, quyidagilar agentlikning qo‘shimcha funksiyalari etib belgilansin: 

yo‘nalishlarda yo‘lovchilar tashish transportida xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan namunaviy kontraktlarni ishlab chiqish va tasdiqlash, ularda aholiga sifatli va xavfsiz avtotransport xizmatlarini kafolatli ta’minlash uchun optimal shart-sharoitlarni nazarda tutish; 

yo‘lovchilar tashishni amalga oshirish yuzasidan doimiy ravishda markazlashtirilgan monitoring olib borilishini ta’minlash, onlayn (GPS) rejimida masofadan kuzatish tizimini hamda rasmiy veb-sayt va «ishonch telefonlari» orqali aholi bilan muloqot mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish; 

tashuvchilar tomonidan yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatish yuzasidan litsenziya talablari va shartlarining, kontraktlarning bajarilishi, yo‘lovchilar huquqlariga, belgilangan harakatlanish jadvallariga, transportda yurish tariflariga rioya etilishi, qonunchilikning, shu jumladan, sanitariya qoidalarining buzilishlari va xizmat ko‘rsatish madaniyatining past bo‘lishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tizimli nazoratni tashkil etish. 

3. 2017-2021-yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) tasdiqlansin. Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi: 

1-ilovaga muvofiq 2017-2021-yillarda yo‘lovchilar tashiydigan yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etishning maqsadli parametrlari; 

2- va 3-ilovalarga muvofiq 2017-2021-yillarda yangi avtobuslar va mikroavtobuslar sotib olish parametrlari; 

4-ilovaga muvofiq 2017-2021-yillarda yo‘lovchilar avtovokzallari va avtostansiyalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish tadbirlari. 

4. Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq hajmda amalga oshirilishi yuzasidan mas’uliyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin. 

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan birgalikda: 

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar va parametrlarni amalga oshirishning tarmoq jadvallarini ikki hafta muddatda ishlab chiqilishini; 

2018-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida shahar yo‘lovchilar tashish transportida yo‘lkira uchun naqd pulsiz haq to‘lash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini; 

har chorakda Vazirlar Mahkamasiga Dasturning amalga oshirilishi to‘g‘risida axborot kiritilishini ta’minlasinlar. 

6. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda loyihalash tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda, yengil konstruksiyalardan hamda narxlari va sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha qulay bo‘lgan, asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan materiallardan (metall konstruksiyalar, sendvich-panellar va shu kabilardan) foydalangan holda avtovokzallar, avtostansiyalar va yo‘nalishlardagi to‘xtash punktlarining namunaviy loyihalari ishlab chiqilishini ta’minlasin. 

7. Mahalliy byudjetlar, «O‘zavtosanoat-lizing» MChJ, boshqa lizing tashkilotlari mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin. 

8. Aksiyadorlik tijorat Xalq bankiga, zarurat bo‘lganda, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo‘lgan foiz stavkasi bilan, kelgusida «O‘zavtosanoat-lizing» mas’uliyati cheklangan jamiyati va boshqa lizing tashkilotlarini moliyalashtirish uchun yillik 0,5 foizdan ko‘p bo‘lmagan tijorat banklari marjasi bilan umumiy miqdori 100 milliard so‘mgacha resurslar ajratish tavsiya etilsin. 

9. 2022-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan muddatga: 

chetdan keltiriladigan va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, muntazam yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlarida band bo‘lgan avtobuslar va mikroavtobuslarning ishi ustidan onlayn rejimida (GPS), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha shahar yo‘lovchilar tashish transportida yurganlik uchun elektron to‘lov tizimlarini masofadan kuzatib borishni joriy etish uchun mo‘ljallangan uskunalar, mexanizmlar, materiallar, butlovchi buyumlar bojxona to‘lovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno); 

lizing tashkilotlari va avtomobil transporti tashkilotlari – Dastur doirasida sotib olinadigan mikroavtobuslarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘im to‘lovidan; 

avtomobil transporti tashkilotlari – yo‘lovchilarni shahar atrofida va viloyatlar ichidagi shaharlararo yo‘nalishlarda (qishloq joylarda) avtobuslar va mikroavtobuslarda tashish hajmi bo‘yicha yagona soliq to‘lovidan ozod qilinsin. 

10. Dastur bajarilishining doimiy monitoringi olib borilishini ta’minlash bo‘yicha 5-ilovaga muvofiq tarkibda ishchi guruh tashkil etilsin. Quyidagilar ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

tarmoq jadvallariga muvofiq Dastur tadbirlari amalga oshirilishini tizimli tahlil qilish va tahlil asosida Dastur amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish; 

shaharlar va qishloqlarda aholiga transport xizmati ko‘rsatish va avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimiga, yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostansiyalar, oxirgi to‘xtash punktlarini qurishga investitsiyalarni amalga oshirish uchun xususiy investorlarni jalb etish chora-tadbirlarini ko‘rish; 

yangi avtobuslar va mikroavtobuslarni sotib olish yuzasidan shartnomalarni kelishish va amalga oshirishda, ularga texnik xizmat ko‘rsatishning zamonaviy, modernizatsiyalashtirilgan punktlarida aynan bir xil texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlashda avtomobilda tashuvchilarga ko‘maklashish; 

yoqilg‘i qiymati va boshqa iqtisodiy shart-sharoitlar o‘zgargan taqdirda yo‘lkira tariflari o‘z vaqtida qayta ko‘rib chiqilishini nazorat qilish; 

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar bajarilishi masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, tashuvchilarning rahbarlari hisobotlarini muntazam eshitish. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublika shaharlari va qishloqlarida aholiga transport xizmati ko‘rsatish va avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha bir oy muddatda qaror qabul qilsin. 

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti                                                                  Sh.Mirziyoyev 


Toshkent shahri, 
2017-yil 10-yanvar 

 

* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga
 
SHARH


Keyingi yillarda avtomobil transporti sohasida aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida ko‘plab chora-tadbirlar ko‘rildi, avtotransport xizmatlarini rivojlantirishning maqsadli parametrlari izchil bajarilmoqda. 

Yo‘lovchilar tashiydigan avtomobil transportining yangi muntazam yo‘nalishlari hamma joyda ochilmoqda, hozirgi vaqtda ularning soni 4,3 mingtadan oshdi. 

Faqat so‘nggi 3-yilning o‘zida, asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 3 mingga yaqin avtobus va 12 mingta yengil avtomobil foydalanishga topshirildi. Yangi avtovokzallar va avtostansiyalar barpo etilmoqda, eskilari rekonstruksiya qilinmoqda. 

Biroq, avtotransport xizmatlari ko‘rsatish tizimini, ayniqsa, qishloq joylarda takomillashtirish ishlarini bundan buyon ham faollashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish zarur. 

Qabul qilingan qaror aynan respublikaning shahar va qishloqlarida, birinchi navbatda qishloq joylarda avtotransport xizmatlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga, yo‘lovchilar tashish xavfsizligini oshirishga qaratilgan. 

2017-2021-yillarda 303 ta yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishi, ulardan 240 tasini (79,2 foizi) shahar atrofida va qishloq joylardan o‘tadigan shaharlararo qatnovlarda ochish nazarda tutilmoqda. Yangi yo‘nalishlar ochish bilan birgalikda, asosan avtobuslar yetishmasligi tufayli qatnov to‘xtatilgan yo‘nalishlar tiklanadi. 

Kelgusi 5-yilda 8,6 mingta yo‘lovchi tashish avtomobili, shu jumladan, 5,7 mingta umumiy foydalanishga qulay mikroavtobus sotib olinadi. 

Avtostansiyalar, to‘xtash bekatlari yengil konstruksiyalardan va asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan arzon materiallardan (metall konstruksiyalar, sendvich-panellar va shu kabilardan) foydalangan holda namunaviy loyihalar bo‘yicha quriladi. 

Yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida avtobus va mikroavtobuslarning ishini masofadan onlayn rejimida (GPS) doimiy kuzatishni. 

2018-yilning 1-iyul sanasiga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarida shahar yo‘lovchilar transportida yo‘l haqini bank plastik kartochkasida naqd pulsiz to‘lash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan. 

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligiga tarkibiy va institutsional o‘zgartirish, xizmatlar bozori shakllanishi va rivojlanishiga hamda avtomobillarda tashish xavfsizligi masalalarini hal qilish uchun maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi sifatida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks amaliy chora-tadbirlarning ishlab chiqilishini va tizimli asosda amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish yuklanmoqda. 

Eng muhimi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining aholi bilan veb-sayt, “ishonch telefonlari” orqali muloqotining amaliy mexanizmi ta’minlanadi. 

Kelgusi 5-yil mobaynida Dasturni moliyalashtirishga 840 milliard so‘mdan ziyod, asosan “O‘zavtosanoat-lizing” va boshqa lizing kompaniyalarining mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, xususiy investorlarning o‘z mablag‘lari, shuningdek, mahalliy byudjetlar mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar yo‘naltiriladi. 

Qarorda lizing kompaniyalari va tashuvchilarning o‘zlari yangi sotib oladigan mikroavtobuslar uchun Respublika yo‘l jamg‘armasiga to‘lanadigan yig‘im to‘lovidan ozod qilinishi nazarda tutilgan. 

Chetdan keltiriladigan va respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan, avtobuslar va mikroavtobuslarning ishini onlayn rejimida (GPS) muntazam tarzda masofadan kuzatib borishni, shuningdek, yo‘lkirani naqd pulsiz to‘lash tizimini joriy etish uchun mo‘ljallangan barcha materiallar, asbob-uskunalar, detallar bojxona to‘lovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinishi ham nazarda tutilmoqda. 

Bundan tashqari, yuridik shaxslar shahar atrofidagi va viloyatlar ichidagi shaharlararo yo‘nalishlarda (qishloq joylarda) avtobuslarda yo‘lovchilar tashish hajmi bo‘yicha yagona soliq to‘lovidan ozod qilinmoqda. 

Dasturning amalga oshirilishi yuzasidan ishchi guruh muntazam monitoring olib boradi. Quyidagilar ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilangan: 

tarmoq jadvallariga muvofiq Dastur tadbirlari amalga oshirilishini tizimli tahlil qilish va tahlil asosida Dastur amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish; 

shaharlar va qishloqlarda aholiga transport xizmati ko‘rsatish va avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimiga, yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostansiyalar, oxirgi to‘xtash punktlarini qurishga investitsiyalarni amalga oshirish uchun xususiy investorlarni jalb etish chora-tadbirlarini ko‘rish; 

yangi avtobuslar va mikroavtobuslarni sotib olish yuzasidan shartnomalarni kelishish va amalga oshirishda, ularga texnik xizmat ko‘rsatishning zamonaviy, modernizatsiyalashtirilgan punktlarida aynan bir xil texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlashda avtomobilda tashuvchilarga ko‘maklashish; 

yoqilg‘i qiymati va boshqa iqtisodiy shart-sharoitlar o‘zgargan taqdirda yo‘lkira tariflari o‘z vaqtida qayta ko‘rib chiqilishini nazorat qilish; 

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar bajarilishi masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, tashuvchilarning rahbarlari hisobotlarini muntazam eshitish. 

Qarorning amalga oshirilishi yo‘lovchilar tashish xavfsizligini, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatining yuqori darajasini, jamoat transporti yo‘nalishlaridagi transport vositalari harakatining belgilangan jadvallari va oraliqlari maromiga rioya etilishini, avtotransportda yo‘lovchilar tashish sohasida iste’molchilarning huquqlari samarali himoya qilinishini hamda tashuvchilarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

 
 

Поделиться