O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazifalar belgilab olindi
2015-02-13 | Jamiyat
Qashqadaryoda "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashining 2014-yil yakunlariga bag'ishlangan yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Harakatning viloyat kengashi tasarrufida o'n uchta tuman, bitta shahar kengashi faoliyat ko'rsatmoqda. Viloyatda "Kamolot"ning 1 ming 458 boshlang'ich tashkiloti bo'lib, ular 398 ming 150 nafar o'g'il-qizni birlashtirgan.
O'tgan yili Qashqadaryoda "Kamolot"chilar tomonidan keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida faol ishtirokini ta'minlash maqsadida "Hokim va yoshlar", "Sud, huquq va yoshlar", "Deputat va yoshlar", "Konsepsiya – islohot va istiqbol", "O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati" mavzularida targ'ibot loyihalari, "Soliq bilimdoni", "Siz qonunni bilasizmi?", "Tafakkur sinovlari", "Eng namunali boshlang'ich tashkilot" kabi ko'rik-tanlovlar o'tkazildi.
Aprel-may oylarida k asb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va shu orqali ularning bandligini ta'minlashga qaratilgan "Mening biznes g'oyam" tanlovi o'tkazildi. Tanlov yakuniga ko'ra 31 nafar bitiruvchiga 373 million 400 ming so'mlik imtiyozli kredit olish huquqi berildi. "Yosh tadbirkor – yurtga madadkor" tanlovining viloyat bosqichida 22 nafar yosh tadbirkor g'olib chiqib, 512 million 600 ming so'm imtiyozli kreditga ega bo'ldi. Tijorat banklaridan imtiyozli kredit olgan yigit-qizlar o'z biznesini yo'lga qo'yib, ko'plab tengdoshlarini doimiy ish bilan ta'minladi.
Faol va iqtidorli yoshlarning ijodiy faolligini qo'llab-quvvatlash maqsadida o'tkazilgan "Yurt kelajagi" iqtidorli yoshlar respublika tanlovi ham yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Yig'ilishda galdagi vazifalar belgilab olindi.