O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Deputatlar Ombudsman hisobotini eshitdilar

2015-02-13 | Siyosat

12-fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.

Majlisda bir qator vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari va sudlar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirok etdilar.

Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan so'ng deputatlar Oliy Majlis Inson huquqlari bo'yicha vakilining 2014-yildagi faoliyati to'g'risidagi hisobotni eshitdilar.

Majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili S.Rashidova ma'ruza qildi.

Ta'kidlandiki, hisobot davrida Ombudsman faoliyatining asosiy yo'nalishlari inson huquqlari to'g'risidagi milliy qonun hujjatlarining takomillashtirilishiga ko'maklashish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini ko'rib chiqish, aholi va mansabdor shaxslarning huquqiy ongini hamda xabardorligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilishdan iborat bo'ldi.

Faoliyat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo'mitalari, sud va huquqni muhofaza qilish organlari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirildi. Shuningdek, Ombudsman parlamentning nazorat-tahlil tadbirlarida ishtirok etdi. Oshkoralik va shaffoflikni ta'minlashda, amnistiya hujjatini qo'llashda qoidabuzarliklarning oldini olishda ishtirok etish Ombudsman va uning mintaqaviy vakillarining faoliyatida alohida o'rin egalladi.

Ombudsmanning fuqarolar murojaatlarini ko'rib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash bo'yicha faoliyati "O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) to'g'risida"gi hamda "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida"gi qonunlarning normalariga qat'iy muvofiq holda olib borildi. Fuqarolar Ombudsmanga umumiy va elektron pochta, shuningdek "ishonch telefoni" orqali, shaxsiy qabul va joylarda o'tkazilgan uchrashuvlar chog'ida murojaat qildilar.

Aholining huquqiy ongini va mansabdor shaxslarning xabardorligini oshirish maqsadida Ombudsman hisobot davrida bir qator axborot-ma'rifiy tadbirlar – seminarlar, treninglar, davra suhbatlari, konferensiyalar o'tkazdi, ommaviy axborot vositalarida chiqishlarni tashkil qilib, noshirlik faoliyatida ishtirok etdi.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish Ombudsman tomonidan ikki tomonlama asosda ham, ko'p tomonlama asosda ham chet ellik hamkasblar bilan aloqalarni kengaytirish orqali amalga oshirildi.

Savol-javoblardan so'ng Ombudsman hisoboti batafsil muhokama etildi. Muhokama chog'ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O'zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining vakillari so'zga chiqdilar.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari Ombudsmanga xususiy mulkni, tadbirkorlar va fermerlarning huquqlarini himoya qilish masalalariga ko'proq e'tibor qaratishni taklif qildilar. Ularning fikricha, bu masala aholining turmush darajasini yanada oshirish, yangi ish o'rinlarini tashkil etish uchun dolzarb ekanligini hisobga olgan holda, fermerlar va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini ko'proq o'rganish va monitoring qilish zarur.

Fraksiya a'zolari parlament qo'mitalari bilan hamkorlik qilish shakllari va usullarini takomillashtirish, muntazam ravishda tegishli axborot almashishni yo'lga qo'yish yuzasidan takliflar kiritdilar. Huquqiy ta'limni, jamiyatda huquqiy bilimlarni, ayniqsa, huquqni muhofaza qilish organlari va fuqarolik jamiyati tuzilmalari xodimlari orasida targ'ib qilishni yaxshilash muhimdir. Deputatlar Ombudsman mintaqaviy vakillarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratdilar.

O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasidan so'zga chiqqanlar saylovoldi platformasining maqsadlaridan va partiya elektoratining manfaatlaridan kelib chiqqan holda, Ombudsman qonun ijodkorligi jarayonini yanada takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida deputatlarning nazorat-tahlil faoliyatida faolroq ishtirok etishi lozimligini ta'kidladilar. Bunda fuqarolarning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va qonunlarida kafolatlangan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini qo'llab-quvvatlash, ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratish zarurligi qayd etildi.

Fraksiya a'zolari milliy hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlik, mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchilar, onalik va bolalik sohasida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, Ombudsman mintaqaviy vakillari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash yuzasidan Ombudsman faoliyatini yanada kuchaytirish tarafdori ekanliklarini ham bildirdilar. Ushbu vazifalarni bajarishda Oliy Majlis Inson huquqlari bo'yicha vakilining mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan hamkorligini kuchaytirish zarurligi alohida ta'kidlandi.

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari davlat va jamiyat tomonidan aholining aniq yo'naltirilgan ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, pensionerlar va nogironlar, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasi bilan shug'ullanuvchi byudjet tashkilotlari xodimlari, ijtimoiy soha vakillarining manfaatlarini himoya qilishda faol ishtirok etishni o'zlarining eng muhim vazifasi deb hisoblashlarini bildirdilar. Shu munosabat bilan fuqarolarni huquqiy jihatdan himoya qiluvchi demokratik institut hisoblangan Oliy Majlis Inson huquqlari bo'yicha vakilining faoliyati juda muhimdir.

Ijtimoiy sheriklikning rolini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash va himoya qilish bo'yicha davlat siyosatini faol tarzda ro'yobga chiqarish maqsadida davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.

Fraksiya a'zolarining fikricha, hozirgi vaqtda ko'rilayotgan chora-tadbirlar Ombudsmanni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini samarali ro'yobga chiqarishga, davlat va fuqarolik institutlari faoliyatining barcha sohalarini isloh qilishga ko'maklashishga, fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga yo'naltiradi.

Shuningdek, O'zXDP fraksiyasi a'zolari fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga doir yangi qonunlar qabul qilingani munosabati bilan Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari nomiga fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilishga alohida e'tibor qaratdilar. Deputatlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari, mahalliy Kengashlar partiya guruhlarining bo'lg'usi qonunchilik va nazorat-tahlil faoliyatida inson huquqlari va erkinliklarining ta'minlanishi ustidan samarali nazorat amalga oshirilishiga, ularga rioya etilmasligi sabablarini va shart-sharoitlarini aniqlash hamda belgilashga ko'maklashadigan o'zaro uzviy aloqalar o'rnatishi va hamkorlikni mustahkamlashi muhimdir.

O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari o'z saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda, davlat fuqarolarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini himoya qilishning ishonchli kafolatiga aylanishi lozimligini, xususan, ijtimoiy adolatni yanada takomillashtirishga qaratilgan ishlarni kuchaytirish, har bir insonning mehnatga, ishni erkin tanlashga, malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishga va ta'lim olishga, qulay turmush shart-sharoitlarini yaratishga doir huquqlarini ro'yobga chiqarish zarurligini ta'kidladilar.

So'zga chiqqanlarning fikricha, Ombudsmanning hisobotida barcha murojaatlardan faqat ikki foizi Internet tarmog'i orqali kelib tushgan. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan, aholi bilan ishonchli o'zaro aloqa uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning yangi darajasiga o'tilayotgan davrda ushbu ko'rsatkich juda pastdir. Shu munosabat bilan Ombudsmanning rasmiy veb-saytini takomillashtirish taklif etildi.

Bundan tashqari, fraksiya vakillari tomonidan hisobot davrida kelib tushgan takroriy murojaatlar soniga ham e'tibor qaratildi. Shu munosabat bilan Ombudsmanga davlat organlari va boshqa idoralar bilan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash orqali takroriy murojaatlarning miqdorini qisqartirishga erishish taklif etildi.

O'zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi a'zolari Ombudsmanning diqqat-e'tiborini fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilish masalalariga qaratishni kuchaytirish lozimligini bildirdilar. Jumladan, ular O'zbekistonning ekologik jihatdan noqulay hududlarida fuqarolarning sog'lig'ini va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlarining ijro etilishini tez-tez monitoring qilishni, O'zbekiston Ekologik harakati tomonidan o'tkaziladigan tabiatni muhofaza qilishga doir turli tadbirlarda ishtirok etishni tavsiya qildilar.

Har tomonlama muhokama chog'ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, deputatlar Oliy Majlis Inson huquqlari bo'yicha vakilining 2014-yildagi faoliyati to'g'risidagi hisobotni ma'qulladilar va tegishli qaror qabul qildilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi o'z vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko'rib chiqdi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi
Axborot xizmati

Поделиться