O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Biznes loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda
2015-02-11 | Iqtisodiyot
Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun qulay imkoniyatlar yaratishga qaratilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasida 2014-yilda tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga 9 trillion so'mdan ortiq mikrokreditlar ajratildi. Ular orasida o'z biznesini yo'lga qo'yish istagidagi xotin-qizlar ko'pchilikni tashkil etadi.
Istiqlol yillarida xotin-qizlarning jamiyatdagi o'rni va mavqeini oshirish, huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli ayollarning ishlab chiqarish, tadbirkorlik kabi sohalardagi ishtiroki tobora kengaymoqda. "Trastbank" xususiy aksiyadorlik birja banki o'tgan yili tadbirkorlik subyektlariga 222,5 milliard so'mlik kredit ajratgani buning tasdig'idir.
– Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko'rsatilayotgan e'tiborni o'z faoliyatimizda his etmoqdamiz, – deydi Namangan viloyatidagi «Laylo sof savdo» MChJ direktori Sadoqat Aminjonova. – Korxonamizda yigirmadan ziyod yigit-qiz doimiy ish bilan ta'minlangan. Kelgusida bank bilan istiqbolli loyihalar borasida hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz.
2014-yilda "Trastbank" tomonidan yangi ish o'rinlari yaratish, xotin-qizlar bandligini ta'minlash uchun 22 milliard 470 million so'mdan ko'proq kredit ajratilib, bu borada 2013-yilga nisbatan 1,3 barobar o'sishga erishildi. Bankka murojaat qilayotganlarning ko'pchiligi oilaviy tadbirkorlik va hunarmandlik bilan shug'ullanish istagida ekani e'tiborga olinib, mazkur sohalarga 2 milliard 703,4 million so'mlik sarmoya yo'naltirildi. Bu asosan xotin-qizlar mehnat qiladigan sanoat va ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko'rsatish sohalariga to'g'ri keladi.
– Yurtimizda mevali va manzarali daraxt ko'chatlariga ehtiyoj yildan-yilga o'sib bormoqda, – deydi Termiz shahridagi "Yangier ulgurji savdo" korxonasi direktori Baxtigul Alimova. – Shuni hisobga olib, "Trastbank"dan ajratilgan kredit evaziga bog' barpo etdik. Ishlarimiz rivoj topib, saksonta yangi ish o'rni yaratdik. Ayni paytda ushbu tarmoqni yanada ravnaq toptirish maqsadida yangi loyihalar ustida ishlamoqdamiz.
– Davolash majmuamiz kasalliklarning oldini olish, bemorlarga tez tashxis qo'yish va davolash borasida ko'plab ijobiy natijalarga erishmoqda, –deydi Toshkentdagi "Najot Shifo" mas'uliyati cheklangan jamiyati direktori Amina Rashit. – Xizmatimizga bo'lgan talabning oshishi texnologik muolaja ishlarini zamonaviy darajaga ko'tarishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda bankka murojaat qilib, tibbiyot uskunalari majmuasi xarid qilish uchun yetarli miqdordagi kreditga ega bo'ldik. Endilikda jamoamiz zamonaviy uskunalar yordamida qariyalar, yoshlar va bolalar sog'lig'ini mustahkamlash yo'lida bor imkoniyatini ishga solib, faol mehnat qilmoqda.
"Trastbank" xususiy aksiyadorlik birja banki taqdim etayotgan kreditlar evaziga tadbirkorlikni yo'lga qo'yayotgan bunday ishbilarmon ayollar safi tobora kengayib borayotir. Bu esa xalqimiz farovonligi va aholi bandlik darajasining yanada oshishiga xizmat qilmoqda.