O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro konferensiya yakunlari
2016-12-30 | Jamiyat
Avstriya poytaxti Vena shahrida 18-Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) tomonidan tashkil etilgan ushbu anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ham ishtirok etdi.
Konferensiya mavzusi "Markaziy Osiyoda OAV erkinligiga xavflar xilma-xilligi" deb nomlanganining o‘ziyoq bu masala nafaqat jurnalistlar, balki butun jamiyat uchun ham o‘ta dolzarb ekanidan dalolatdir. Anjuman ishtirokchilari ta’kidlaganidek, muhokama chog‘ida o‘rtaga tashlangan masalalar faqat mintaqaviy ahamiyatga ega emas. Bugungi kunda kommunikatsiya olami global tus olmoqda. Insoniyat Yer sharining barcha mintaqalarida ekstremizm va adovat kuchayib borayotganining guvohi bo‘lmoqda. Bunday sharoitda mass-media vositalari oldiga bugungi jamiyat hayotida o‘z o‘rni va rolini, jamoatchilikka ishonchli axborot yetkazish mas’uliyatini anglash, haqiqiy demokratiyani ta’minlashda ommaviy axborot vositalari salohiyatini namoyon etishdek muhim masala qo‘yilmoqda.
Anjuman ishtirokchilaridan birining fikricha, ilgari avtoritar davlatlardagina erkin va mustaqil jurnalistlarni unchalik xush ko‘rmagan bo‘lsa, bugun jurnalistlar hamjamiyatiga hatto demokratik rivojlangan mamlakatlarda ham jamoatchilik tomonidan jiddiy bosim o‘tkazilmoqda. Bu haqiqat. AQShda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida har ikki yetakchi partiya vakillari axborot tarqatish, saylov kampaniyasini yoritishda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalarining noxolisligini bir necha bor qayd etganini misol tariqasida keltirib o‘tishimiz mumkin.
Darhaqiqat, ijtimoiy texnologik taraqqiyot bugun insoniyat oldiga nafaqat axborot ko‘pligi muammosini qo‘ymoqda, balki jamoatchilik fikrini boshqarish, uni soxta ma’lumotlar bilan ta’minlash va turli mafkuraviy dasturlarga bo‘ysundirish uchun global miqyosda sharoit yaratib bermoqda. Shu munosabat bilan davlatlar va xalqaro tashkilotlar targ‘ibot-tashviqot hamda mafkuraviy ta’sir o‘tkazish jarayonlariga barqaror taraqqiyot va xavfsizlikni ta’minlashga jiddiy xavf sifatida alohida e’tibor qaratishi lozim.
Konferensiyada bugungi kunda O‘zbekistonda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar, mamlakatimizning rivojlanish istiqbollari haqida atroflicha ma’lumot berdik. Xalqimiz o‘z kelajagi uchun ishonch bilan ovoz bergan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va uning yakunlari to‘g‘risidagi axborot ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mamlakatimizda yuksak saviyada o‘tkazilgan demokratik saylov yakunlarini konferensiya ishtirokchilari va YeXHTning OAV erkinligi masalasi bo‘yicha vakili byurosi ham keng qo‘llab-quvvatladi. Saylovning barcha bosqichlarida monitoring olib borgan YeXHT kuzatuvchilarining to‘laqonli missiyasi hisoboti ham O‘zbekistonda saylov xolis, ochiq va adolatli o‘tganidan yaqqol dalolat beradi.
Yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borayotgan jurnalistlar O‘zbekiston jadal rivojlanib borayotganini alohida qayd etmoqda. YeXHTning OAV erkinligi masalasi bo‘yicha vakili byurosi xodimining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, sud tizimining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat rahbariyati demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, xalq farovonligini yanada yuksaltirishni maqsad qilganidan dalolatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Jurnalistlar ushbu yo‘nalishda milliy mass-mediani rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilganini ta’kidladi. Anjuman davomida ommaviy axborot vositalari xalqning hokimiyat bilan muloqotida faol ishtirok etishi, jamiyatda samarali kommunikatsiyalarni yo‘lga qo‘yishda ijtimoiy tarmoqlar salohiyatidan keng foydalanish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirildi.
Mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risidagi axborot ham tadbir ishtirokchilari qiziqishiga sabab bo‘ldi. Ishtirokchilarning fikriga ko‘ra, mamlakatimizda Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash va monitoring bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tashkil etilgani, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining «ochiqlik indeksi» milliy reytingi shakllantirilgani O‘zbekistonni davlat institutlarining axborot ochiqligini ta’minlash borasida mintaqada yetakchi davlatga aylantiradi.
O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari va jurnalistikani rivojlantirish istiqbollari haqida gapirganda, ushbu soha davlat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa korxonalari uchun imtiyoz va preferensiyalar bir necha yillardan buyon qo‘llab kelinmoqda. Ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga solish bo‘yicha demokratik standartlarga mos mustahkam qonunchilik tizimi yaratilgan. Mazkur qonunchilik normalari milliy mass-media vositalari, ommaviy axborot vositalari tahririyatlari faoliyatining iqtisodiy asoslarini ishonchli himoya qilish, ijtimoiy hayotda fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida OAV samarali ishtirok etishi uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 14-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida 2017-2021-yillarda mamlakatimizni yanada rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish haqida to‘xtaldi va mazkur hujjat loyihasi keng muhokama uchun e’lon qilinishini ta’kidladi. Jurnalistlar ham ushbu dasturni muhokama etish jarayonida faol ishtirok etishi, o‘z takliflarini bildirishi lozim, deb o‘ylayman. Yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda mamlakatimizni strategik rivojlantirishga xizmat qiladigan mazkur hujjat milliy ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish, jamiyatda ularning rolini oshirish va faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga olishi zarur.
Ushbu keng ko‘lamli islohotlarning hayotga tatbiq etilishi, shubhasiz, mamlakatimizda axborot sohasini yanada rivojlantirish, Bosh qomusimizda belgilangan fuqarolarning so‘z erkinligi va axborotdan foydalanish huquqlarini to‘la ta’minlash imkonini beradi.