O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijiy davlatlarda 44 saylov uchastkasi tuzildi
2015-02-03 | Siyosat
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi saylov uchastkalarini tashkil etish masalasi ko'rib chiqildi.
Qonunchilikka muvofiq, saylov uchastkalari asosiy mezon – saylovchilarga mumkin qadar ko'proq qulaylik yaratish hisobga olingan holda tuziladi. O'zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.
Markaziy saylov komissiyasi O'zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish to'g'risidagi Tashqi ishlar vazirligining taklifini ko'rib chiqib, "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 44 ta saylov uchastkasini tuzish hamda ularni 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirish haqida qaror qabul qildi. Mazkur uchastkalarda saylovchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo'yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Majlisda mamlakatimiz va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o'tkazish masalasi ham muhokama etildi. Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan tartibda murojaat qilgan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilindi.
Saylov to'g'risidagi qonunchilik talablari inobatga olingan holda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan imzo varaqalarining to'g'ri to'ldirilganligini tekshirish uchun Markaziy saylov komissiyasi huzurida ishchi guruhlari tuzish masalasi ham ko'rib chiqildi. Ishchi guruhlarining asosiy vazifasi imzo varaqalarining "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonun talablariga muvofiqligi haqidagi xulosalarini belgilangan muddatda berishdan iborat.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga doir boshqa masalalar ham ko'rib chiqildi.