O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Partiyalararo raqobat – davr talabi
2015-01-29 | Siyosat
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari S.Turdiyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimovning O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo'shma majlisidagi ma'ruzasida parlament faoliyatini takomillashtirish, parlament tuzilmalari va deputatlarning nazorat-tahlil faoliyati, saylovchilar bilan ishlash, qonunlar ijrosi hamda uni amaliyotda qo'llash samaradorligini oshirish bo'yicha aniq vazifalar belgilab berilganini ta'kidladi.
Mamlakatimiz qonun chiqaruvchi oliy organi nafaqat qonun ijodkorligi, balki nazorat funksiyasini amalga oshirish bo'yicha vakolatlarga ega. Shu bois parlament nazoratining sifatini oshirish, ayniqsa, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining qonunlar ijrosi bo'yicha amalga oshirayotgan ishlari to'g'risidagi axborotini tizimli ravishda eshitishni yo'lga qo'yishda fraksiyalarning roli va mas'uliyatini oshirish lozim. Ayniqsa, agrar sohani rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini yanada yuksaltirishga qaratilgan davlat dasturlarining joylardagi ijrosini qat'iy nazorat qilish zarur.
Yig'ilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish borasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda partiya fraksiyasining rolini kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shu bilan birga, Prezidentimizning ma'ruzasi va partiyaning saylovoldi dasturi asosida partiya elektorati – o'rta sinf, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari, fermerlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida tayyorlangan partiya fraksiyasining ish dasturi loyihasi ham muhokama etildi.
Fraksiya va deputatlar faolligini oshirish, demokratik jamiyatning eng muhim tarkibiy qismi bo'lgan siyosiy, partiyalararo raqobatni sezilarli darajada kuchaytirishga yo'naltirilgan vazifalar belgilab olindi.