O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saylovchilar ishonchini oqlaylik
2015-01-29 | Siyosat
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda Prezidentimiz Islom Karimovning O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo'shma majlisidagi ma'ruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar atroflicha o'rganildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari S.Otamurodov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli demokratik o'zgarishlar va islohotlar jarayonida Qonunchilik palatasi deputatlarining o'rni va roli muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.
Mamlakatimizda demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan izchil islohotlar deputatlarning qonun ijodkorligi va tashabbuskorligi, elektorat manfaatlarini himoya qilish yo'nalishida mas'uliyatini tubdan oshirishni taqozo etmoqda. Buning uchun saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqotlarda ularni o'ylantirayotgan masalalarni atroflicha o'rganish, tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga deputatlik so'rovlari yuborish, mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitishda doim tashabbuskorlik ko'rsatish talab qilinadi.
Yig'ilishda ana shu talablardan kelib chiqib, har chorakda joylardagi deputatlik guruhlari eshituvini o'tkazish, ishlab chiqilayotgan qonun loyihalarini davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati institutlarining turli bo'g'inlarida keng va amaliy muhokama qilish, bunga tegishli mutaxassislar va ekspertlarni jalb etish zarurligi qayd etildi. Qonun loyihalarini jahon amaliyoti bilan qiyosiy tahlil qilish, demokratik davlatlar tajribasini o'rganish va bu borada Oliy Majlis Senati a'zolari bilan mustahkam aloqa o'rnatish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Qonun loyihalari muhokamasi jarayonida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari boshqa partiyalar fraksiyalari bilan sog'lom raqobat olib borishi, bunda partiya g'oya va maqsadlarini, elektorat manfaatlarini qatiy himoya qilish zarurligi e'tirof etildi.
Tadbir yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari belgilab olindi.