O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligi ta’minlanadi
2015-01-27 | Siyosat
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi, "Jahon" axborot agentligi bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonini yoritish to'g'risida bitimlar imzoladi.
Saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq o'tkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim o'rin tutadi. Ommaviy axborot vositalari "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunning 5-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq saylov jarayonini keng yoritadi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov o'tgan yillardagi saylov kampaniyalari, ayniqsa, 2014-yilgi parlament saylovi mobaynida Markaziy saylov komissiyasi va ommaviy axborot vositalari hamkorligida saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishning barcha bosqichlari haqida jamoatchilikni keng xabardor qilish bo'yicha katta tajriba to'planganini ta'kidladi.
Bitimlar saylov to'g'risidagi milliy qonun hujjatlari – O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli moddalari, "Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to'g'risida", "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida", "O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to'g'risida"gi qonunlar va saylov jarayonini tartibga soladigan boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini aholi o'rtasida tushuntirish ishlarini samarali tashkil etishga qaratilgan.
Imzolangan bitimlarni amalga oshirish doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar uchun saylovoldi tashviqotini olib borish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish borasida keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida e'tibor beriladi. Saylovoldi dasturlarining mazmuni va mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlantirishning muhim masalalari bo'yicha o'z nuqtai nazarini saylovchilar va jamoatchilik e'tiboriga yetkazish uchun teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratiladi.
Tomonlar saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayoniga oid axborotlarni O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tele va radiokanallari, mamlakatimizning yetakchi axborot agentliklari va bosma ommaviy axborot vositalarida o'z vaqtida tarqatish borasida hamkorlik qiladi.