O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yuksak e’tibor samarasi
2015-01-13 | Sport
Prezidentimizning bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlari ijrosi doirasida Andijon viloyatida ham keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasining Andijon viloyati filialidan olingan ma'lumotlarga ko'ra, 2003-2013-yillarda jamg'arma mablag'lari hisobidan 151 inshoot barpo etilgan. Uning 118 tasi, ya'ni 88 foizi qishloq joylarda qad rostlagan. Bu ishlar navqiron avlodning sport bilan muntazam shug'ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda, ularning har tomonlama sog'lom va barkamol bo'lib voyaga yetishiga xizmat qilayotir.
– O'tgan yili viloyatimizda uchta bolalar musiqa va san'at maktabi, to'rtta bolalar sporti inshooti, beshta sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi, – deydi O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi Andijon viloyati filiali rahbari Ne'matullo Abdurahmonov. – Ular zarur jihozlar bilan ta'minlandi. Bu ishlar uchun 14 milliard 89 million so'm yo'naltirildi.
Zamonaviy loyihalar asosida Andijon shahri, Baliqchi, Izboskan, Shahrixon, Qo'rg'ontepa tumanlaridagi umumta'lim maktablarida barpo etilgan sport zallari mazkur hududlarda bolalar sportini yanada rivojlantirish, o'quvchilarning sportga bo'lgan qiziqish va intilishini oshirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishga xizmat qilmoqda.
– Maktabimizda zamonaviy sport zali qurilganidan nafaqat o'quvchilar, balki ularning ota-onalari ham juda xursand, – deydi Baliqchi tumanidagi 36-umumta'lim maktabining jismoniy tarbiya fani o'qituvchisi Iroda Jumanova. – Yetti yuz ellik nafardan ziyod o'quvchi tahsil olayotgan maktabimizda futbol, voleybol, qo'l to'pi, stol tennisi bo'yicha to'garaklar faoliyat ko'rsatmoqda. Yangi sport zali qo'shimcha guruh va to'garaklar tashkil etish bo'yicha keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Jamg'arma tashkil etilganidan buyon viloyatning tuman va shaharlarida 1 ming 850 ga yaqin sport seksiyalari tashkil etildi. Ayni kunlarda ularda 6-18 yoshli 60 mingdan ziyod o'g'il-qiz sportning ko'plab turlari bilan muntazam shug'ullanmoqda.
Jamg'arma tashabbusi bilan 2014-yilda tuman, shahar va viloyat miqyosida mingga yaqin ommaviy sport tadbirlari, shuningdek, o'n bir xalqaro sport musobaqasi o'tkazildi. Mazkur tadbirlarda 193 mingga yaqin o'quvchi qatnashdi. Ularning 80 ming nafari qizlardir. Sportning suzish, boks, shaxmat kabi turlari hamda badiiy gimnastika bo'yicha mashhur sportchilar ishtirokida mahorat saboqlari uyushtirildi.
– Suzish bo'yicha mamlakatimiz va xalqaro miqyosda o'tkazilgan musobaqalarda bir necha bor g'olib bo'lganman, – deydi Andijon mashinasozlik instituti qoshidagi akademik litsey o'quvchisi Shohsanam Toshpo'latova. – Mamlakatimizda biz, yoshlarning sport bilan muntazam shug'ullanishimiz uchun barcha zarur shart-sharoitlarning yaratilgani uchun shunday muvaffaqiyatlarga erishmoqdamiz.
Viloyatda bolalar sportini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida nafaqat sport bilan shug'ullanuvchi bolalar safi ortmoqda, balki erishilayotgan natijalar ham salmoqli bo'layotir.
Ma'lumotlarga ko'ra, 2013-yili andijonlik yosh sportchilar mamlakatimiz va xalqaro miqyosda o'tgan ikki yuz yigirmadan ortiq turli musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashgan – 596 oltin, 592 kumush, 620 bronza medallarini qo'lga kiritgan.
Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodning sport bilan muntazam shug'ullanishi uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarning yanada yaxshilanayotgani, bolalarning sportga keng jalb etilayotgani ularningma'nan yetuk va jismonan sog'lom unib-o'sishlarini ta'minlashga xizmat qilmoqda.