O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harbiylarga bayram tuhfasi
2015-01-13 | Jamiyat
Andijonda safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati batalonining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Uning ochilishiga bag'ishlangan tadbirda O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Sharqiy harbiy okrug, viloyat hokimligi mutasaddilari, ofitserlar, serjantlar, muddatli harbiy xizmatchilar, ularning ota-onalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Prezidentimiz rahnamoligida harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta'kidlandi.
– Istiqlol yillarida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tubdan isloh qilindi, – deydi O'zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o'rinbosari, polkovnik Muzaffar Soliyev. – Ayniqsa, tezkor va professional milliy armiyani shakllantirish, malakali kadrlar bilan ta'minlash, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Andijonda safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati bataloni uchun barpo etilgan harbiy shaharcha bu boradagi ishlarning yorqin namunasidir.
O'ziga xos uslubda barpo etilgan shaharchada harbiy xizmatchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Amaliy mashqlar o'tkaziladigan maydon, zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangan nazariy mashg'ulotlar xonalari, barcha qulayliklarga ega yotoqxona shular jumlasidandir.
– O'g'lim Ismoil mazkur batalonda oylik yig'inni o'tamoqda, – deydi tadbir ishtirokchisi, Andijon shahridagi 31-umumta'lim maktabi o'qituvchisi Xurshida G'ofurova. – Shaharchadagi shart-sharoitlar bilan tanishib, askar onasi sifatida farzandlarimizning harbiy xizmatni ko'ngildagidek ado etishi uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyat, ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlikdan behad xursand bo'ldim.