O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inson huquqlari – ishonchli himoyada
2016-12-04 | Saylov
Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashning muhim omili bo‘lgan sud-huquq sohasini bosqichma-bosqich isloh qilish orqali bu tizim tubdan takomillashdi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sohada amalga oshirilgan islohotlar sud hokimiyatining fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirishda mustahkam zamin yaratdi.
Zero, sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu qoidalarni ro‘yobga chiqarish, sudyalar zimmasiga yuklatilgan o‘ta muhim vazifa – odil sudlovni og‘ishmay amalga oshirishda ifodalanadi.
Inson huquqlari kafolatlarini amalda ta’minlayotgan sud-huquq sohasi xodimlari ham muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etmoqda.
– Fuqarolarning saylov huquqi kafolatlari milliy qonunchiligimizda keng ifoda etilgan, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 927-saylov uchastkasida ovoz bergan saylovchi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Bahrom Tangaboyev. – Mana bugun har bir yurtdoshimiz saylovda ishtirok etib, ovoz berar ekan, ana shu kafolatlarning amaliy ifodasi amalda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Men ham bu huquqimdan foydalanib, o‘zim munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdim. Fursatdan foydalanib aytmoqchimanki, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini bildirishini nazorat qilishga, saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosiga uning saylov huquqlari sud yo‘li bilan himoya etilishi, saylov komissiyalarining, davlat organlarining, mansabdor shaxslarning, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatlari kafolatlanadi. Saylov jarayonida sudga shunday mazmunda shikoyat tushsa, bu darhol ko‘rib chiqiladi. Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, ovoz berish kuni saylovchilarga buzib qo‘yilgan saylov byulletenini yangisi bilan almashtirib olish huquqi ham kafolatlanadi. Saylov byulletenini almashtirib berishni tegishli uchastka saylov komissiyasi amalga oshiradi.