O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar – OITSga qarshi
2015-01-13 | Jamiyat
Mamlakatimizda OITS kasalligi tarqalishining oldini olishga qaratilgan keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 26-dekabrda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasida OIV kasalligining tarqalishiga qarshi kurashning samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 5-yanvardagi "OITSga qarshi kurash markazlarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bu borada muhim omil bo'lmoqda.
Ushbu hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida targ'ibot va tushuntirish ishlarini olib borishga Xorazm viloyatida ham alohida e'tibor qaratilmoqda.
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har jihatdan sog'lom farzandlar tug'ilishini ta'minlash maqsadida nikohdan oldingi tibbiy ko'rik jarayonida bo'lajak kelin-kuyovlarning barchasi OITS tekshiruvidan o'tkazilmoqda.
Aholi, ayniqsa, yoshlarning tibbiy madaniyatini oshirish, ular o'rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish mazkur kasallikka qarshi kurashishning eng samarali yo'lidir. Shuning uchun ham ta'lim muassasalarida sog'lom turmush tarzi targ'ibotiga bag'ishlangan davra suhbatlari, uchrashuv va seminarlar tashkil etilmoqda.
– Umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va mahallalarda "Biz – sog'lom turmush tarafdorimiz", "Biz yoshlar OITSga qarshimiz" kabi mavzularda aksiyalar, rasmlar tanlovlari va targ'ibot-tashviqot tadbirlari o'tkazilmoqda, – deydi "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati Xorazm viloyati kengashi raisi Mansur Masharipov.
Viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlardan sog'lom turmush tarzini keng targ'ib qilish, OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish kabi ezgu maqsadlar ko'zlangan.