O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ertangi kunga ishonch bilan
2016-12-04 | Saylov
Jizzax viloyatida tashkil etilgan 466 saylov uchastkasida 844 ming 309 saylovchi, jumladan, 21 mingdan ziyod birinchi marta ovoz beruvchi yoshlar ro‘yxatga olingan. Saylov kuni har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rilgan uchastkalarning barchasida ovoz berish erta tongdan boshlandi.
G‘allaorol tumanidagi 385-saylov uchastkasida 1 ming 111 saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 14 nafari birinchi marta ovoz beradi. Saylov uchastkasi erta tongdan saylovchilar, siyosiy partiyalar vakillari, kuzatuvchilar bilan gavjum bo‘ldi.
Vatanimiz madhiyasi yangrab, saylov uchastkasi ochiq, deb e’lon qilingach, ovoz berishni birinchi bo‘lib mahalla oqsoqollari boshlab berdi.
–Men ko‘p saylovlarda qatnashganman, – deydi 80 yoshli Rashid ota Zolov. – Ilgarigi saylovlar xalqimiz taqdiriga hech bir aloqasi bo‘lmagan rasmiyatchilikdan o‘zga narsa emas edi. O‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqiga ega bo‘lganimiz istiqlol bergan eng katta imkoniyatdir. Vatanimiz mustaqilligi tufayli erkin, demokratik saylovlar har birimizning hayotimizga bevosita daxldor bo‘lgan muhim voqeaga aylandi. Saylovlarning ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilayotgani har bir saylovchiga yurt kelajagi uchun kimga ishonch bildirishni erkin tanlash imkonini berdi.