O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ulug‘vor ishlar bardavomligi uchun ovoz berdim
2016-12-04 | Saylov
Surxondaryo viloyatida ham saylovchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etib, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi uchun ovoz bermoqda.
Termiz shahridagi 230-saylov uchastkasida 2 ming 900 dan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan. Ulardan 70 nafari ushbu muhim siyosiy jarayonda birinchi marta ishtirok etayotgan o‘g‘il-qizlardir.
Joriy yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida sportning yengil atletika turi bo‘yicha bronza medaliga sazovor bo‘lgan Faxriddin Hamroyev ham erta tongdan ushbu saylov uchastkasiga kelib, o‘z munosabatini bildirdi.
– Bu yil XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida erishgan yutuqlarimiz mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini ta’minlashga qaratilgan yuksak e’tibor samarasidir, – deydi Faxriddin. – Dunyoning ayrim davlatlarida yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi u yoqda tursin, biror kunini tinch-xotirjam o‘tkazish dolzarb masalaga aylanayotgan bugungi kunda bizning yurtimizda yoshlar uchun, ularning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bizdan talab qilinadigani – zamonaviy ta’lim maskanlari, muhtasham madaniyat va sport inshootlarida puxta bilim olish, iste’dod va salohiyatimizni yuzaga chiqarish, O‘zbekistonimiz sharafini xalqaro miqyosda yanada ulug‘lashga hissa qo‘shishdir. Bu har qanday kishini to‘lqinlantirib yuboradi. Biz bundan faxrlanamiz. Ayni paytda xorijda o‘tkaziladigan navbatdagi xalqaro musobaqaga hozirlik ko‘rmoqdaman. Bugun mamlakatimizdagi ana shunday ulug‘vor ishlar bardavomligi uchun ovoz berdim.