O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Uch dugona – uch chempion bir vaqtda ovoz berdi
2016-12-04 | Saylov
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanining Zarkent qishlog‘idagi 47-umumta’lim maktabi binosida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 666-saylov uchastkasi ochilishi bilan ovoz berish uchun birinchilardan bo‘lib sportchilarga xos o‘ktamlik bilan ikki dugona kirib keldi.
Muxlisa Abdumalikova va Mahliyo Yo‘ldosheva Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, ayniqsa, qizlarni sportga keng jalb etish va ularning intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan alohida e’tibor va yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, xalqaro musobaqalarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targan yoshlardan. Ularning yana biri – Umida Mirhamidova Yangiqo‘rg‘on transport va agroservis kasb-hunar kollejida joylashgan 665-saylov uchastkasida ovoz berdi.
Bu sportchi qizlar bir qishloqda tug‘ilib-o‘sib, bir maktabda o‘qigan, Namangan shahridagi yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida birga shug‘ullangan. Xalqaro toifadagi hakam, kurash bo‘yicha Namangan viloyati terma jamoasi bosh murabbiyi Komiljon Bo‘tayevning shogirdlari bo‘lgan bu qizlar joriy yil 10-14-noyabr kunlari Hindistonning Kochi shahrida yakkakurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan 8-jahon chempionatida o‘z vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
– Bizning mushtarak tomonimiz Vatanimizga bo‘lgan muhabbat, shunday buyuk xalqning farzandi ekanimizdan faxrlanish tuyg‘usidir, – deydi Muxlisa Abdumalikova. – Biz buni yurtimizdan yiroqda, Hindistonda yurgan kezlarimiz, ayniqsa, chempionat yakunida madhiyamiz sadolari ostida O‘zbekiston bayrog‘i yuksalayotgan daqiqalarda yanada teran his qildik. Vatanimiz, xalqimiz, istiqlolimizga bo‘lgan sadoqatimizni bugun uch chempion barvaqt va bir vaqtning o‘zida ovoz berish bilan izhor qilishga ahd qilgan edik. Mana, hozir bundan-da iftixorli kelajagimiz uchun munosib nomzodga ovoz berib chiqayapmiz va shunday tarixiy jarayonda ishtirok etganimiz, o‘z ovozimizga ega ekanimizdan qalbimiz g‘urur-iftixorga limmo-lim to‘ldi.
– Bu yil men uchun quvonchli, esda qolarli va mazmunli voqealarga boy bo‘ldi, – deydi Mahliyo Yo‘ldosheva. – Hindistonda bo‘lgan jahon chempionatidagi g‘alabam, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida birinchi marta qatnashayotganim meni kelgusida jamiyat hayotida yanada faol, fidoyi bo‘lishga undaydi. Men o‘z ovozim bilan mamlakatimiz yorug‘ istiqboli yo‘lidagi ezgu ishlarda ishtirok etaman, bu men uchun sharafli burch bo‘lishi bilan birga, katta mas’uliyat hamdir.