O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ertamiz bugunimizdan farovon bo‘ladi
2016-12-04 | Saylov
Farg‘ona viloyatidagi 980 saylov uchastkasida ovoz berish davom etmoqda.
Dang‘ara tumani Teliming qishlog‘idagi 66-saylov uchastkasida 2 ming 900 dan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan. Ularning 84 nafari ilk bor ovoz beradi.
Bugun erta tongdan uchastka saylovchilar bilan yanada gavjum. Davlatimiz madhiyasi yangrab, saylovchilar birin-ketin maxsus xonalarda ovoz berishni boshladi. Bu ishni milliy o‘zligimizga xos tarzda nuroniylar boshlab berdi.
–Yoshim yetmish beshda, – deydi Erkin ota Nazirov. – Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik xalqimizning eng ulug‘ boyligi. Buning uchun Yaratganga beadad shukronalar aytamiz. Prezident saylovi ertamizning bugundan ham farovon bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Toshloq tumanida ham 47 saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, 130 mingdan ortiq saylovchi bugun o‘z huquqlarini amalga oshirmoqda. Uchastka saylov komissiyalarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Saylov uchastkalari zamonaviy komputer va aloqa vositalari, zarur mebel hamda boshqa jihozlar, saylovga oid huquqiy adabiyot va qo‘llanmalar, turli infografikalar bilan ta’minlangan. Tibbiyot, ona va bola xonalari tashkil etilgan.
Furqat mahalla fuqarolar yig‘inidagi 523-saylov uchastkasida ovoz berish erta tongdan ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi.
–Saylov uchastkasiga kelolmaydigan saylovchilarning uyiga borish uchun komissiya a’zolari belgilanib, transport ajratildi, ko‘chma quti bilan ta’minlandi, – deydi uchastka saylov komissiyasi raisi Inomjon Karimov. – Saylovchilar juda faol. Ular qaysi nomzodga, nima uchun ovoz berayotganini juda yaxshi biladi. Mazkur siyosiy tadbir bugungi va ertangi kunimiz, taraqqiyotimizda hal qiluvchi o‘rin tutadigan voqea ekanini barcha teran his etmoqda.