O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurt taqdiriga dahldorlik
2016-12-04 | Saylov
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida demokratiya talablari va mustaqil taraqqiyotimiz shartlariga mos zamonaviy saylov tizimining yaratilgani jamiyatimizning barcha sohalarini modernizatsiya qilish, tinch, osoyishta, farovon hayotga erishishimizda muhim omil bo‘layotir.
Sog‘liqni saqlash tizimida ham tub islohotlar amalga oshirildi. Aholining barcha qatlamini to‘liq qamrab olish, davlat tomonidan bepul va kafolatlangan zamonaviy tibbiy-profilaktika, shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha noyob tizim yaratildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi ana shunday zamonaviy tibbiyot muassasalaridan biri. Markazimizda bugungi kunda yurak-qon tomir kasalliklarini konservativ va operativ usulda davolash bo‘yicha dunyodagi eng yetakchi klinikalarda qo‘llanilayotgan barcha ilg‘or usULlar o‘zlashtirilib, ulardan inson salomatligi yo‘lida oqilona foydalanilmoqda. Koronar arteriyalar angioplastikasi va shuntlash amaliyoti, yurakning murakkab aritmiyalarida qo‘llaniladigan radiochastotali ablatsiya va yurak blokadalarida elektrokardiostimulyatsiya kabi noyob va nozik tibbiy amaliyotlar bunga misoldir.
Muhimi, bunday yuqori texnologiyali operatsiyalar nafaqat bizning markazda, balki Xorazm, Namangan va boshqa viloyatlardagi hududiy tibbiyot muassasalarida ham muvaffaqiyatli bajarilayotir. Bu zamonaviy tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Xalqimiz bugun mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etish orqali mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ana shunday hayotbaxsh islohotlarning bardavomligiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Men ham Vatan oldidagi ana shunday sharafli fuqarolik burchimni bajarish maqsadida bugun erta tongdan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 88-saylov uchastkasiga bordim va o‘zim tanlagan nomzodga ovoz berdim.
Saylov uchastkasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar barchaning havasini uyg‘otadi. Bu yerda saylov bilan bog‘liq yo‘nalishlar bilan bir qatorda ona va bola hamda tibbiyot xonalari ham tashkil etilgan. Bu saylovchilar uchun katta qulaylikdir.
Saylovchilarning belgilangan tartib-tamoyillarga qat’iy amal qilishga intilishi xalqimizning bu siyosiy tadbirga katta tayyorgarlik ko‘rganidan, siyosiy-huquqiy bilimi yuksakligidan va yurt taqdiriga daxldorlik hissi kuchliligidan dalolatdir.