O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda Prezident saylovi boshlandi
2016-12-04 | Saylov
Bugun, 2016-yil 4-dekabr soat 06:00 da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 saylov okrugidagi 9 ming 383 saylov uchastkasi ochildi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Mamlakatimizning 20 milliondan ortiq yaqin fuqarosi saylovchi sifatida ro‘yxatga olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida to‘rt nomzod – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Sarvar Otamuratov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Xatamjon Ketmonov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarov ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov yangi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sharoitda o‘tkazilmoqda. Demokratik tamoyillarga muvofiq shakllantirilgan milliy saylov qonunchiligi asosida adolatlilik, ochiqlik, oshkoralik va transparentlik prinsiplari asosida fuqarolarning saylov huquqlariga so‘zsiz rioya etish, saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida har bir saylov uchastkasi nogironlar aravachalari uchun alohida pandus bilan jihozlandi. Bundan tashqari, kabinalarning biri nogironlarning ovoz berishi uchun mo‘ljallangan. Ko‘zi ojiz fuqarolarga brayl alifbosida saylov mavzusi bo‘yicha risolalar hamda ilk marta ular uchun mo‘ljallangan saylov byulletenlari tayyorlangan.
Saylov kampaniyasida kuzatuvchilar instituti va ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda, saylovning ochiq va oshkoraligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini 44 davlat va besh xalqaro tashkilot – YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti vakillari kuzatayotir. Shuningdek, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda. Saylov jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1 ming 400 dan ortiq vakili yoritib bormoqda.