O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreyadagi vatandoshlarimiz ovoz bermoqda
2016-12-04 | Saylov
Seul, 4-dekabr. O‘zA maxsus muxbiri Nodira Manzurova xabar qiladi. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzuridagi saylov uchastkalari ham ochildi. Birinchi bo‘lib Yaponiya va Janubiy Koreyadagi yurtdoshlarimiz ovoz bera boshladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi belgilangan. Shunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida 44 saylov uchastkaci tashkil qilingan. Ular 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirilgan.
Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi huzurida tuzilgan 34-saylov uchastkasi Toshkent vaqti bilan 02:00 da ochildi. Ushbu saylov uchastkasida 500 dan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni ovoz berish vaqti va joyi haqida oldindan xabardor qilgan. Saylov uchastkasi barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va ularning dasturlari haqida zarur axborot va ma’lumotlar taqdim etilgan.
– Mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bevaqt vafoti barchamiz uchun og‘ir judolik bo‘ldi, – deydi Koreyashunoslik akademiyasi (Akademiya Koreyevedeniya) iqtisodiyot fakulteti magistranti Feruza Bo‘ranova. – Birinchi Prezidentimiz O‘zbekistonni mustaqil taraqqiyot yo‘liga, dunyo hamjamiyatida munosib o‘ringa olib chiqdi. U kishi boshlagan keng ko‘lamli islohotlar, ezgu ishlar davom etishini hammamiz istaymiz. Bu vatandoshlarimizning xohish-irodasiga bog‘liq. Men bu mas’uliyatni chin dildan his etib, ommaviy axborot vositalari orqali mamlakatimizda bo‘layotgan voqealarni kuzatib bormoqdaman. Bugun barcha nomzodlarning saylovoldi dasturlari, maqsad va rejalari bilan yana bir bor tanishib, o‘zim munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdim.
Barcha yurtdoshlarimiz kabi Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar ham yuksak huquqiy madaniyati va fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib, saylovda faol ishtirok etmoqda. Ovoz bergandan keyin ham hech kim ketayotgani yo‘q. Jonajon mamlakatimiz, u yerda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida suhbatlashishmoqda.
– Xorijiy mamlakatlarga safarlarimiz chog‘ida O‘zbekistonni ko‘p sog‘inamiz, – deydi xususiy tadbirkor Alisher Saidov. – Bu tuyg‘u, ayniqsa, yurtimizdagi bayramlar, mana shunday katta tadbirlar paytida juda-juda seziladi. Shunday mamlakatimiz, olijanob xalqimiz borligidan faxrlanamiz. Chet elda bo‘lsak ham Prezident saylovida qatnashishimiz, Vatanimiz kelajagi uchun ovoz berishimiz uchun sharoit yaratildi, huquqlarimiz ta’minlandi. Shunday e’tiborga munosib bo‘lib, mamlakatimiz rivojiga yanada katta hissa qo‘shishni oliy burchimiz, deb bilamiz.
Janubiy koreyalik diplomatlar, ishbilarmonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ham mamlakatimizdagi Prezident saylovini kuzatib bormoqda. Saylovning ochiqlik va oshkoralik, muqobillik va siyosiy raqobat muhitida o‘tayotganini ta’kidlashmoqda.
– O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va erishilayotgan yutuqlar e’tiborga molik, – deydi Koreya Respublikasining Inha universiteti prezidenti Choy Sundja xonim. – Mamlakatingizda Prezident saylovi tenglik, transparentlik va demokratik tamoyillar asosida, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga to‘la mos tarzda, yuksak saviyada o‘tmoqda. Butun dunyodan yuzlab kuzatuvchilar qatnashayotgani saylovning demokratik, ochiq va oshkora o‘tayotganidan dalolat. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida asos solingan o‘zaro manfaatli hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni g‘oyat quvontiradi. Ikki tomonlama aloqalarimizni yanada mustahkamlash tarafdorimiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish davom etmoqda.