O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saylov madaniyati juda yuqori
2016-12-03 | Saylov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish maqsadida mamlakatimizga kelgan xalqaro kuzatuvchilar va saylov jarayonini ommaviy axborot vositalarida yoritadigan xorijlik jurnalistlar Samarqandda bo‘lib, saylov uchastkalari faoliyati bilan tanishmoqda. Muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qilmoqda. Muxbirimiz ularning taassurotlari bilan qiziqdi.
Vu Tin, Shanxay xalqaro matbuot byurosi nashri bosh muharriri:
– O‘zbekiston haqida ko‘p o‘qiganman. Bu mamlakatdagi demokratik o‘zgarishlar, ayniqsa, saylov tizimi xususida to‘liq tasavvurga egaman. Mazkur siyosiy jarayonda kuzatuvchi sifatida qatnashib, bu haqda xitoyliklarni yaqindan tanishtirmoqchiman. Bugun Samarqanddagi bir qator saylov uchastkalarida bo‘lib, tadbirga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilgani, saylovchilar va kuzatuvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilganiga amin bo‘ldim.
Saylovni ochiq va demokratik tamoyillar asosida o‘tkazish uchun jahon standartlariga mos usul va uslublar qo‘llanilayotgani tahsinga loyiq. Ulug‘ va benazir davlat arbobi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov g‘oyalari, oqilona siyosati asosida shakllangan demokratik davlatda saylovlarning ana shunday yuksak darajada o‘tkazilishi jahon jamoatchiligining diqqatini tortishi shubhasiz.
Irfan Ulla Xan, Pokistonning Islomobod shahari meri o‘rinbosari:
– Samarqand shahridagi ikkita saylov uchastkasida bo‘ldim. Ularning toza va ozodaligi, tibbiyot, ona va bola xonalaridagi qulayliklar diqqatimni tortdi. O‘zbekiston Respblikasining Birinchi Prezidenti ta’lim olgan maktabda joylashgan muzeyni tomosha qilib, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
Samarqand shahridagi tarixiy obidalarni ko‘zdan kechirar ekanman, xalqlarimizning me’morchilik an’ana va uslublarida o‘xshash jihatlar borligi meni hayratlantirdi.
Jamshed Jamshedov, Tojikiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi:
– Samarqand haqida ko‘p eshitgan bo‘lsam-da, bugun bu qadimiy shaharning o‘ziga xos jozibasi, tarovatidan hayratdaman. O‘tmishga hurmat, ajdodlar merosini asrab-avaylashni, tarixga munosabatni sizlardan o‘rganish kerak ekan.
Odamlarning mamlakat taqdiriga befarq emasligi, yurt kelajagini hal etuvchi siyosiy tadbirga faol munosabatda bo‘lishi o‘zbek xalqining huquqiy madaniyati yuksalayotganidan dalolatdir.
Zumrad Abdrimova, Qozog‘istonning «Mыsl» jurnali muxbiri:
– Afsonaviy Samarqandda turganimga ishongim kelmayapti. Xuddi ertakning o‘zginasi. «Afrosiyob» poyezdida kelganimiz yanada ajoyib bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik, saylov uchastkalarida saylovchilarga yaratilgan sharoitlar diqqatga sazovor. Xalqingizning o‘tmishidan hikoya qiluvchi osori-atiqalar, tarixiy qadamjolar har qanday kishini maftun qilib, ruhiga yengillik baxsh etadi. Ushbu qadim va ulug‘ zaminda bo‘lib, ajdodlaringiz Sharq xalqlari sivilizatsiyasida yetakchilik qilganiga yana bir bor ishonch hosil qildim.
Li Jong Ching, Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan xalqaro kuzatuvchi:
– Samarqand viloyatidagi bir qator saylov uchastkalarida bo‘ldim. Saylov tizimi, saylovga tayyorgarlik ishlari xalqaro talablar darajasida tashkil etilgan.
Po‘latdarxon massividagi saylov uchastkasiga borar ekanman, qishloq joylarda ham shahardagidan aslo kam bo‘lmagan sharoit yaratilgani meni hayratlantirdi. Ushbu mahallani bemalol zamonaviy shaharcha deyish mumkin. Bu yerdagi namunaviy uylar, odamlarning turmush tarziga havasim keldi. Kishilarning xushmuomalaligi, mehmondo‘stligi o‘zbek xalqiga bo‘lgan hurmatimni yanada oshirdi.
Aleksandr Shevchenko, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi - ijrochi kotibi apparati raisining o‘rinbosari (Belarus):
– O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilish chog‘ida bu yerda yurtingizning turli hududlaridan kelgan kishilarni ko‘rib, xalqingiz o‘zining buyuk Yurtboshisiga cheksiz mehr-muhabbat, hurmat va sadoqat bilan qarashiga ishonch hosil qildim. O‘zbekiston xalqining bu xislatidan ibrat olsa arziydi.
Samarqand shahri keyingi yillarda tubdan o‘zgaribdi. Odamlarning yashash tarzi, turmush farovonligi yuksalgan. Bunday xalq mamlakat hayotidagi muhim tadbir – Prezident saylovini ham xalqaro talablar darajasida, yuqori saviyada o‘tkazishiga shubha qilmayman.