O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bu muqaddas Vatanda azizdir inson
2016-12-02 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari muzeyida Bosh qomusimiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlab "Bu muqaddas Vatanda azizdir inson" mavzuida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining o‘rinbosari M.Soliyev, Bastakorlar uyushmasi raisi R.Abdullayev va boshqalar Bosh qomusimiz xalqimizning inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqligini ifoda etib, milliy davlatchiligimiz rivoji, demokratiya va ijtimoiy adolat hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalariga asoslangan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishning mustahkam yo‘lini belgilab berganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasini mudofaa qilish, uning xavfsizligini ta’minlash Konstitutsiya, qonunlar, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va prinsiplari asosida amalga oshirilmoqda.
Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotir.
Tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirlanib, ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
– Turmush o‘rtog‘im katta leytenant Chori Rajabov xizmat chog‘ida halok bo‘lgan, – deydi Zamira Hasanova. – O‘z hayotini el-yurt himoyasiga bag‘ishlagan jasur o‘g‘lonlarga chuqur hurmat ko‘rsatilib, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini, mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashdagi fidokorona xizmatlari qadrlanib kelinmoqda. Doimo davlatimiz g‘amxo‘rligini his qilib yashamoqdamiz.
Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansamblining konserti tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.