O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy Majlis qonunchilik palatasida uchrashuv
2016-12-02 | Saylov
O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish uchun mamlakatimizga kelgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati bilan tanishdi.
Parlament quyi palatasi deputatlarining Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi (quyi palata) deputatlari Kudaybergen Yerjan, Faxriddin Karatayev, Germaniya Bundestagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha yetakchi eksperti Andreas Yan, Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisining o‘rinbosari Ilyas Umaxanov, Belgiya faxriy senatori Dominik Tilmans xonim va Belgiya parlamenti vakillar palatasi a’zosi Veli Yuksel bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda mehmonlarga O‘zbekistonning ikki palatali parlamenti faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Parlamentlararo hamkorlikka doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistonda saylovga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilgani, Markaziy, okrug, uchastka saylov komissiyalari samarali faoliyat ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘layotganini ta’kidladi. Aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va birinchi marta ovoz berayotgan yoshlar keng qamrab olingani e’tiborga sazovor.
Mehmonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda manfaatdor ekanliklarini qayd etdi. O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik xalqimizning eng katta yutug‘i bo‘lib, bunday mamlakatda taraqqiyot, demokratiya bardavom rivoj topaveradi, deb ta’kidladi mehmonlar.